Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolatga esh yo‘lboshchi
07:26 / 2022-11-06

Mening yorug‘ xotiralarim o‘tgan asr 80-yillari boshiga kelib O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng rivojlangan respublikalardan biri darajasiga olib chiqishga erishgan buyuk inson Sharof Rashidovning muborak nomi bilan chambarchas bog‘liq. Nokamtarlik bo‘lsa-da, bir voqeani oshkor etay.

1980 yil kuzi. Markazqo‘mga ishga o‘tishim munosabati bilan meni Sh.Rashidov kabinetiga suhbatga olib kirishdi. Baland bo‘yli, qotmadan kelgan Birinchi kotib qo‘l uzatib ko‘rishdi va o‘tirishga taklif etib, oilam haqida so‘radi, keyin tumanimiz paxta rejasini bajargani bilan tabrikladi va jilmayib menga savol berdi:

– Qanday kitoblar o‘qigansiz?

– G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Lev Tolstoy, Gogol, Chexov, Simonov, Dostoyevskiy asarlarini, “G‘oliblar”, “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin”...

Rashidov gapimni bo‘ldi: O‘g‘lim, o‘zbek tilidami yoki rus tilida?

  • Har ikkalasida!

Keyin suhbatimiz rus tilida davom etdi.

– Dostoyevskiy asarlari haqida gapirib bera olasizmi?

– “Jinoyat va jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Telba”, “Ma’suma” meni hamisha o‘ziga ohanrabodek tortaveradi. Ayniqsa, Pushkin dahosi, poeziyasi haqidagi nutqi...

– Ziyo istagan ko‘ngillar yorug‘likni adashmay topadilar. Xo‘sh, asarlarim haqida so‘rasam maylimi?

– “G‘oliblar”dan tortib, “Kashmir qo‘shig‘i”gacha qo‘ldan qo‘ymay o‘qiganman. Asarlar ohangi o‘ziga shiradek tortadi, tili tug‘ilib o‘sgan qishlog‘im aholisiniki kabi yoqimli. Har joyda ham uchrayvermaydigan o‘zbekona so‘zlash usuli, inson qadri, quvonchi, dardi, odam bolasini kibr yo‘ldan ozdirishi haqidagi sahifalar, chiroyli tashbihlar, tabiat va odamlar ichki dunyosi o‘ziga rom etadi. Qahramonlar fikrini, qilayotgan ishini o‘qiganimda... xuddi she’r, qo‘shiq aytayotgandek sezaman o‘zimni. 

– Siz bilan hali ko‘p uchrashamiz...

Meni chuqur hayajonga solgan yana bir voqea yodimga keldi.

Bu uchrashuvdan ikki yil avval ham xuddi shu kabinetda Sharof ota bilan ko‘rishib, sardobaliklar 1978 yil paxta rejasini ortig‘i bilan bajargani haqida hisobot topshirayotganimda tuman ahli, birinchi kotib Sodiqjon Otaxonov haqida surishtirgan edilar. U kishining voyaga yetmagan ikki o‘g‘li tug‘ma nogiron, yurolmaydi, ko‘rsatmagan do‘xtiri qolmadi, bolajonlari iztirobidan o‘zi va yangamning qalbi yonadi, degan edim o‘shanda ovozim titrab...

Sal o‘tmay, Sharof Rashidov sa’y-harakati bilan Moskvadan uch nafar professor Mirzacho‘lga kelib, o‘sha bolalarni va tumandagi xuddi shunga o‘xshash og‘ir xastalikka chalingan boshqa norasidalarni ko‘rikdan o‘tkazib, muolaja tayinlanib, barchasiga maxsus aravachalar sovg‘a qilishgan edi.

Markazqo‘mda uch yildan ko‘proq bevosita qo‘llari ostida ishlash nasib qilgani sababli Sharof Rashidov adabiyot va san’at ahliga hamisha yuksak e’tibor bilan qaraganiga shohid bo‘lganman. Shayxzoda, Mirkarim Osim, Mirtemir, Shukrullo, Said Ahmad kabi nohaq qatag‘on qilingan ulug‘ qalamkashlar asarlari qaytadan nashr etildi, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon singari shoir va yozuvchilar ijodiy faoliyatini yoddan bilar, insonga xos injiqliklarini ko‘tarib, bag‘rikenglik va ulug‘vorlik bilan ularga qarshi duch keladigan balo-qazoga ko‘kragini tutib berardilar.

Yurtimiz aholisi Rashidov respublikamizga rahbar bo‘lib saylangan 1959 yili 8 million kishi edi, Sharof ota boqiy dunyoga ketgan 1983 yilda esa 18 million nafarni tashkil etdi. Ya’ni, mehnatga layoqatli odamlar soni bir necha yuz ming ko‘payishi yangi ish o‘rinlari tashkil etishni taqozo qilardi. Rashidov sobiq Markaz oldiga rad etib bo‘lmaydigan, har tomonlama pishiq tayyorlangan takliflar kiritar va pirovard natijada iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, mintaqa va hududlarni jadal, kompleks rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirishga kirishardi. Uzoqni ko‘ra oladigan ulug‘ strateg ishni respublikaning o‘sha paytdagi eng og‘riqli nuqtasi – sanoatdan boshlaydi. Urush olov olgan Ukraina, Belarus, Rossiyadan ko‘chirib keltirilgan zavod-fabrikalarning eskirgan uskunalari yangilari bilan almashtirildi. Ilg‘or fan-texnika yutuqlariga asoslangan Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya, Bekobod metallurgiya kombinatlari kabi qudratli og‘ir sanoat, qora va rangli metall, Aviasozlik, Algoritm, Vostok, O‘zbekkosmos, Qiyin eriydigan qotishmalar, Gelion, Zenit, Kinap, Kompressor, Motor, Mikond, Muzlatgichlar, Pod’yomnik, Sovplastital, Toshselmash, Traktor, Tekstilmash, Texnolog, Transformator, Sredazkabel, O‘zbekximmash, O‘zbekselmash, Chirchiqselmash, Foton, Xlopkomash, Ekskovator, Kompozit, Elektronika, Elektroapparat singari yirik elektrotexnika, samolyotsozlik, mashinasozlik, neft va gaz, to‘qimachilik va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish korxonalari rekonstruksiya qilindi yoki yangidan bunyod etildi, zavod-fabrikalarni texnologik jihatdan takomillashtirish izchil davom ettirildi.

Sharof ota energetika sohasini rivojlantirishga doim alohida e’tibor qaratganidan jahonshumul ahamiyatga ega Sirdaryo, Yangi Angren, Navoiy, Tuyamo‘yin, Angren, Tollimarjon GRESlari qad ko‘tardi. Paxta tolasini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish maqsadida Andijon, Buxoro, Namangan, Qo‘qon to‘qimachilik kombinatlari, “Sharq”, “Malika”, “Qizil tong”, “Yulduz” kabi har bir viloyatda trikotaj, tikuv fabriklari hamda charm, ipakchilik sanoatini qayta jihozlash ishlari boshlab yuborildi.

Transport logistikasi yechimini hal etishda muhim rol o‘ynayotgan Toshkent – Termiz, Toshkent – Pungan (Qamchiq dovoni orqali) avtomobil yo‘li, Sirdaryo – Jizzax temir yo‘li, dunyoning turli qit’alaridagi mamlakatlarga havo, o‘nlab shaharlarga poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi yarim asr oldinga sakrash, desak xato bo‘lmas.

Sharof ota sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilab, irrigatsiya inshootlari benuqson ishlashini ta’minlash stretegiyasi orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, birinchi galda paxta hosildorligini oshirish, qolaversa, Sibir daryolari suvining bir qismi (atigi 0,3 foizi) ni O‘zbekistonga burish orqali suv ta’minotini hal etish yo‘li bilan yangi, qo‘shimcha bo‘z yerlarni o‘zlashtirish, qimmatbaho xom ashyo yetishtirishni ko‘paytirish strategiyasini amalda joriy qilishni boshlab yuborgan edi. O‘sha davrda Mirzacho‘l, Jizzax, Surxon-Sherobod, shuningdek Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlardagi bo‘z, cho‘l hududlar o‘zlashtirildi. Respublika xaritasida Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlari, Yangiyer, Guliston, Shirin, Navoiy, Zarafshon, Olmaliq, Angren, Uchquduq kabi o‘nlab yangi shahar va tumanlar, temir yo‘l stansiyalari, vokzal va aeroportlar bunyod etildi.

1970-80 yillarda Rossiyaning noqoratuproq zonasidagi Vladimir, Ivanovo va Novgorod viloyatlarining har birida chakalakzor o‘rmon va botqoqlik o‘rnida yurtimizdan taxminan 3500 nafar quruvchi jalb etilib, har biri o‘rtacha 4000 gektar, jami 80 ming gektar, barcha qulayliklarga ega zamonaviy 20 ta sovxoz bunyod etib, “O‘zbekiston” va “Toshkent” nomlari bilan rus xalqiga tuhfa qilingandi.

Qaram hudud bo‘lsak ham Sharof Rashidov boshqargan 24 yil davomida hech kim respublikamizga til tekkizishga botina olmagan. Imperiya ruhidagi sobiq markaz Sharof Rashidovdek ulug‘ zotning bevaqt vafoti tufayli himoyasiz qolgan O‘zbekistonni SSSRdagi eng dotatsion, boshqa respublikalar, asosan, Rossiya hisobidan kun ko‘radigan mintaqa, deb kamsitish kampaniyasini boshladi. Hatto, O‘zbekistonda 4,5 million tonna paxta qo‘shib yozilgani aniqlandi, degan “bashorat”ni matbuotga chiqarib shov-shuv ko‘tardi. Binobarin, SSSR Davlat Reja qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Davlat banki, Mehnat vazirligi, Markaziy Statistika bosh boshqarmasi, ayniqsa, Gdlyan, Ivanov va Karakozov singari millatchi xodimlarini to‘xtovsiz ayyuhannos solishga undagan SSSR Bosh Prokuraturasi bu mag‘zi puch miflarni tasdiqlashga dalil bo‘ladigan hujjat taqdim qila olmadi. Sudlarda bu shaxslar tergovni boshdan-oyoq noqonuniy olib borgani, qo‘yilgan ayblarni hujjat bilan tasdiqlamagani, mahbuslarni bir-biriga qarshi ko‘rsatma yozishi uchun fil ham chidamaydigan qiynoqlarga solgani tasdig‘ini topdi. Mustaqillik sharofati bilan begunoh hamyurtlarimiz qamoqxonadan ozod qilinib, o‘z yurti, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Sharof Rashidov birovga og‘ir botmagan, ko‘nglini og‘ritmagan, katta-yu kichik bilan birday samimiy, og‘ir-bosiq, mehribonlik bilan gaplashadigan, odamiylik xislati va fazilati ijodiga ham ko‘chgan, og‘zidan purma’no fikr guldek otilib chiqadigan yozuvchi, odamlar dardini teran tushunuvchi rahbar edi.

Akademik Naim Karimovning bir gapi esimda qolgan: “Taniqli yozuvchi va davlat arbobi o‘zining ijodiga tanqidiy nazar bilan qaragan yozuvchilarga xolis qaragani, qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilganini bot-bot eslaymiz. Sharof aka G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Asqad Muxtor, Shukrullo, Konstantin Simonov, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva singari yuzlab shoir va yozuvchilarni qadrlardi, ularning asarlarini yirik tirajda chop etish, rus tiliga o‘girishda bosh-qosh bo‘lardi”.

Akademik Baxtiyor Nazarov Sharof Rashidovni “Inson dardi va hasrati, his-tuyg‘usini mohirona chizgi bilan tasvirlay oladigan yetuk yozuvchi va shoir”, deya  sifatlagan bo‘lsa, akademik To‘ra Mirzayev shunday yozgan: “...Sharof Rashidov o‘zi va Abdulla Qahhor o‘rtasida ixtilof borligi haqida yozmagan. Rashidov Qahhorni doim qo‘llab keldi, zargarona san’atini yuksak qadrladi, uning har qanday injiqligini yozuvchi, inson sifatida keng bag‘ri bilan ko‘tardi. Yozuvchilar uyushmasiga shaxsan tashrif buyurib, Qahhorning o‘zbek nasri taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilgan “O‘tmishdan ertaklar” qissasini O‘zbekiston Davlat mukofotiga tavsiya qildi, adabiyotimizni dunyoga olib chiqish kerak, dedi. Sharof aka ustoz Abdulla Qahhorga O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan birga alohida uy-joy ajratishga ko‘rsatma berib, bag‘ri kengligini yana bir bor isbotladi. Og‘ir kasalga chalingan Qahhor va ayolini hukumat hisobidan Moskvaga davolanishga jo‘natdi, ahvolidan doim xabardor bo‘lib turdi. Ul zot vafot etganida yozuvchining jasadini olib kelish uchun maxsus samolyot yubordi, rahmatlining bevasi Kibriyo opaga doimo ko‘maklashdi. Bularning barini adabiyot ahli yaxshi biladi...”

Sh.Rashidov Mirzacho‘l o‘zlashtirilishi mavzusi ko‘tarilgan “G‘oliblar”, “Bo‘rondan kuchli” asarlaridagi Oyqiz va Olimjon, Po‘lat Sodiqov va Bahor, shuningdek, Jo‘raboyev, Pogodin, Smirnov, yoshlar yetakchisi Anvar, Xayri singari obrazlari orqali qahramonlari taqdirini, insonning dardi, quvonchi va tashvishini o‘ta xalqchil, badiiy mahorat bilan va rang-barang bo‘yoqda tasvirlay olganki, bu kitoblar bugun ham qimmatini yo‘qotmagan.

Endi bir nozik sirni oshkor etish payti keldi, shekilli. 1986 yil poytaxtimiz markazidagi Sharof Rashidov byustini buzib, hozirgi “Suvmash” (sobiq SBSRPP)ga eltib tashlashadi (byust shu zavodda qo‘yilgan edi). O‘shanda “Glavsredazirsovxozstroy” boshlig‘i Erkin Tursunov, O‘zbekiston SSR Davlat Reja qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Rim Giniyatullin va korxona rahbari Igor Aleksandrovich Prorokov maslahatlashib, byustni matoga o‘rab shlak ichiga bekitib qo‘yishadi. Ertasiga Markaz xodimlariga zavod ishchilari qo‘rqmasdan byustning eskiz variantini ko‘rsatishadi. “Eritib yuboringlar”, deya buyruq berilganda po‘lat quyuv sexi pechi ichida lovullab yonayotgan olovga byust solingan cho‘michni tutishadi. Ko‘z ochib yumguncha jez erib, qaynay boshlaydi...

Saqlab qolingan asl byust esa keyinchalik qanday bo‘lsa, shundayligicha o‘rniga tiklanadi.

Sharof Rashidov shaxsiy hayotini hech kimdan sir tutmay, ochiq-oydin yashadi. O‘zidan dabdabali saroylar, mashinalar qoldirmadi, hatto, “o‘limlik puli” ham yig‘madi. Ustozdan o‘rnak olsa arziydigan fazilatlar, solih amallar, insonning qalbi, quvonch-u tashvishi, qayg‘usi va dardi mahorat bilan kuylangan o‘qishli romanlar, qissalar, she’rlar, publitsistik asarlar, Vatanimiz koriga yarayotgan shogirdlar, o‘ziga o‘xshash pok, kamtar va mehnatkash farzand, nabiralar qoldi.

Komil ishonch bilan aytamizki, bugun Sharof Rashidov orzu qilgan savobli ishlar amalga oshirilmoqda: qo‘shnilarimiz bilan aloqa mustahkamlanmoqda, zamonaviy sanoat korxonalari qad ko‘tarmoqda, qishloq xo‘jaligida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda. Muhimi, hukumat xalq g‘ami, dardiga quloq tutmoqda, yillab sansalor bo‘lgan muammolarga yechim topilyapti. Bularning bari O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori ortishiga xizmat qilmoqda.

Muhiddin POLVON,

adib va jurnalist