Yurtimizda xotin-qizlar bilan ishlash, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda siyosiy partiyalarning ishtiroki va amaliy loyihalari ayollar faolligini oshirishda muhim ko‘makchi bo‘lmoqda.
Poytaxtimizda “Adolat” SDP “Adolatchi ayollar” qanotining V hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Tadbirda xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va gender tengligini mustahkamlash yo‘lida erishilayotgan natijalar muhokama qilindi. “Adolatchi ayollar” qanotining 2021-2025 yillardagi faoliyati sarhisob qilinib, kelgusi besh yillik uchun strategik vazifalar va istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Tadbirda dastlab “Adolatchi ayollar” qanoti respublika kengashi raisi, Qonunchilik palatasidagi fraksiya a’zosi Gulruh Agzamova 2021-2025 yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi. Qayd etilganidek, o‘tgan saylovlarda Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga partiyadan saylangan ayol deputatlar soni 271 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular 324 nafarga yetgan.
Hisobot davrida ayollarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan 26 ming 693 ta seminar, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilib, 600 mingdan ortiq xotin-qizlar qamrab olingan. Ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishida 371 ta o‘rganish ishlari tashkil qilingan.
Xalq deputatlari tuman-shahar Kengashi sessiyalariga xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan 324 ta masala kiritilgan va tegishli qarorlar qabul qilinishi natijasida muammolar hal etilgan.
Hisobot davrida “Oilalar mustahkamligi – jamiyat taraqqiyoti garovi” mavzusidagi davra suhbatlari orqali 1 ming 893 nafar oila yarashtirilishiga erishilgan. “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida esa 4 ming 831 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlangan.
Shuningdek, anjumanda “Adolatchi ayollar” qanoti respublika kengashi raisi o‘rinbosari Oydin Abdullayeva “Xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy faolligini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli amaliy harakatlar dasturi”ni taqdimot qildi. Jami 5 banddan iborat dastur 2025-2029 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan maqsadlarni qamrab olgan.
Konferensiya ishtirokchilari partiyaning xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari haqida o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. Yakunda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA