Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat yo‘lidagi mazmunli umr
18:46 / 2026-03-07

Umrlar bor – bir yashagulik. Umrlar bor – mangu yashagulik. Shunday umr egalari borki, ularning hayot yo‘li faqat shaxsiy taqdir emas, balki bir davrning ma’naviy qiyofasiga aylanadi.

Ana shunday insonlardan biri – Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan yurist, “Do‘stlik” ordeni va “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, sud faxriysi  Paraxat Aytniyazov muborak 75 yoshni qarshi oldi.

Nukus shahrida o‘tkazilgan tantanali anjuman faqat yubiley emas, balki bir umrlik sadoqat, iroda va adolatga bag‘ishlangan hayotning e’tirofi sifatida o‘tdi. Tadbirda hamkasblar, shogirdlar, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. 

Anjumanda O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboyev Paraxat Aytniyazovning hayot yo‘lini, tasodiflar emas, balki aniq maqsad, mustahkam iroda va adolatga bo‘lgan chuqur ishonch asosida qurilgan ibratli yo‘l  deya ta’rifladi.

Darhaqiqat, uning mehnat faoliyati huquqshunoslik sohasida alohida sahifalarni tashkil etadi. U Nukus shahar sudi sudyasidan tortib, Qo‘ng‘irot tuman sudi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari, sobiq ittifoq Adliya vazirligi katta maslahatchisi kabi mas’ul lavozimlarda ishladi.

Mustaqillikning ilk yillarida esa qonunchilik va huquq tartibot qo‘mitasiga rahbarlik qilib, yangi davlatchilik poydevorini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. U Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimida o‘n besh yil davomida odil sudlovni ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida sabot bilan mehnat qildi.

Paraxat Aytniyazov nafaqat rahbar, balki ustoz sifatida ham yuzlab yosh huquqshunoslarga hayot maktabi bo‘ldi. Bugun uning shogirdlari turli mas’ul lavozimlarda adolat an’analarini davom ettirmoqda. Bu ustoz mehnatining eng katta samarasidir.

Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B.Islamov uning jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi, yuksak insonparvarlik fazilatlarini alohida e’tirof etdi.

Tantana yakunida ustozning hayot yo‘li ibrat sifatida tilga olindi. U haqda “Bu odam xuddi chinordek – ildizlari chuqur, soyasi keng” deya ta’rif berildi. Darhaqiqat, ayrim insonlar borki, ularning umri yillar bilan emas, ezgu amallar bilan o‘lchanadi. 

Dovud Abibullayev, O‘zA