Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat va tinchlik timsoli
09:22 / 2025-11-19

Davlat bayrog‘i – milliy g‘ururimiz, iftixorimiz, tarix va kelajakni o‘zida mujassam etgan betakror timsol. Uning farovon yurtimiz uzra muntazam hilpirab turishi istiqlolimiz abadiyligidan, yurt ozodligiyu obodligidan darak.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 34 yil to‘ldi. Ushbu sana yurtimizda katta shodiyona va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.  

Jumladan, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Aziz Vatan ramzi – muqaddas bayrog‘imiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda davlat ramzlarining milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni, jamiyatda siyosiy madaniyatni yuksaltirish hamda yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdagi ahamiyati haqida so‘z bordi.  

Tadbirda “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov va rais o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva bayrog‘imiz shunchaki davlat belgisi emas, balki u tinchlik, barqarorlik, adolat va yangilanayotgan O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini ifodalovchi muqaddas ramz ekanini alohida ta’kidladi.  

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Valijon Sadiyev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ushbu tarixiy sana bilan samimiy qutladi. U o‘z so‘zida globallashuv davrida yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishda, avvalo, ularning qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish lozimligini qayd etdi.  

Davra suhbati davomida Vatan ramzlarining tarixi va mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Bayrog‘imizning siyosiy-huquqiy maqomi, uning xalqaro maydondagi o‘rni va qonunchilikdagi himoyasi yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA