8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari xodimlari kuni
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yo‘lida xizmat qilib kelayotgan prokuratura tizimiga har tomonlama shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Yuksak e’tibor va e’tirof ifodasidan ruhlangan holda, yurtimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlarida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari muhim o‘rin tutib, sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash orqali adolat qaror topishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

– Ijro tizimi adolat kafolatidir. Shu ma’noda, sud qarorining o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deydi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Mirzaahmedov. – Byuro faoliyati faqat rasmiy ijro harakatlari bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda. Xususan, Namangan viloyatida o‘tgan 2025 yil davomida sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosi yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yil yakunida ikki trillion so‘mdan ziyod mablag‘ undirilib, jami 600 mingga yaqin hujjatlar ijro etildi. Shuningdek, davlat foydasiga 985 milliard so‘m undirib berildi.

Bugungi kunda byuro idoralariga kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 60 foizi aliment masalalari bilan bog‘liq. Bu esa davlat ijrochilaridan nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy yondashuvni ham talab etadi. Shu maqsadda “mahallabay” ishlash tizimi joriy qilinib, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda uzoq vaqtdan beri aliment to‘lamayotgan qarzdorlar bilan manzilli ishlar olib borilmoqda. Natijada, jamoatchilik ishtirokida olib borilgan targ‘ibot tadbirlari orqali 5 ming 439 oila yarashtirildi. Ish bilan band bo‘lmagan 4 ming 997 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirilib, ularning to‘lov qobiliyati tiklandi.

Sud va boshqa organlar hujjatlari ijrosini ta’minlash tizimi 2025 yildan boshlab yanada takomillashtirildi. Qonunchilikka kiritilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar ijro jarayonlarini raqamlashtirish, davlat ijrochilarining vakolatlari va mas’uliyatini aniq belgilash, fuqarolar uchun qulay huquqiy mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan.
Yangi huquqiy normalarga muvofiq, ijro harakatlarini elektron tarzda amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirilib, ijro jarayonlarida shaffoflik va tezkorlik ta’minlanmoqda. Bu esa sud qarorlarining o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash bilan birga, inson omili ta’sirini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Ijro tizimi samaradorligi ko‘p jihatdan uning moddiy-texnik ta’minotiga ham bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, bayram arafasida Majburiy ijro byurosining Yangi Namangan tuman bo‘limi uchun yangi ma’muriy bino foydalanishga topshirildi. Zamonaviy talablarga javob beradigan ushbu bino fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi, albatta.
Shuningdek, davlat ijrochilari zamonaviy planshetlar bilan ta’minlanib, bo‘limlar uchun yangi kompyuter jamlanmalari xarid qilindi. Bu esa ijro harakatlarini joyida turib elektron tarzda amalga oshirish, ma’lumotlar bazasi bilan ishlash va hisob-kitoblarni aniq yuritish imkonini bermoqda.
Aholi murojaatlarini joyida hal etish, sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq muammoli masalalarga yechim topish maqsadida sayyor qabullar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Bu qabullar murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, tahlil etish va qonuniy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev yozib oldi.
O‘zA.