Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat tantanasi: Gimnastikachi qizlarimizga Osiyo chempionati oltin medali topshirildi
19:22 / 2019-06-20

Bugun Tailandning Pattayya shahrida badiiy gimnastika boʻyicha Osiyo chempionati boshlandi.


Bugun Tailandning Pattayya shahrida badiiy gimnastika boʻyicha Osiyo chempionati boshlandi.

Anʼanaga koʻra, musobaqa oldidan Osiyo gimnastika ittifoqining navbatdagi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda tashkilot tomonidan gimnastikani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, istiqboldagi vazifalar belgilandi. Bu haqda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Yigʻilishda hamyurtlarimizga 2017-yilgi Osiyo chempionatining jamoaviy bahslaridagi oltin medali topshirildi. 

Gap shundaki, 2017-yilgi Osiyo chempionatida Qozogʻiston terma jamoasi gʻalaba qozongan, qizlarimiz esa 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Biroq qozogʻistonlik gimnastlarning qon tahlilidan olingan doping namunalari tasdiqlangach, Qozogʻiston terma jamoasi aʼzolarining koʻplab natijalari bekor qilindi. Jumladan, oʻsha 2017-yilgi qitʼa birinchiligidagi gʻalabasi ham. Shu tariqa Anastasiya Serdyukova, Sabina Toshkenboyeva, Nuriniso Usmonova va Anora Davlatovadan iborat Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Osiyo chempionati oltin medaliga sazovor boʻldi. 

Qizlarimizga tegishli medallarni Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Ruslan Mustayev qabul qilib oldi.

Shuningdek, 2017-yilgi musobaqada toʻp bilan mashq qilish boʻyicha 4-oʻrinni egallagan hamyurtimiz Anastasiya Serdyukova ham qozogʻistonlik raqibasi chetlatilishi hisobiga bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Bu yilgi qitʼa chempionatida terma jamoamiz sharafini quyidagi sportchilarimiz himoya qiladi:

Yakkalik: Sabina Toshkenboyeva, Nuriniso Usmonova, Yekaterina Fetisova.

Guruh bahslari: Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Sofiyabonu Qosimova, Kamola Ernazarova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoyeva.

Taʼkidlash joiz, Pattayyada kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionati bilan parallel ravishda oʻsmirlar oʻrtasida qitʼa birinchiligi ham oʻtkaziladi. Osiyo chempionati bahslari 23-iyunga qadar davom etadi.