FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova Surxondaryo viloyatida bo‘lib, surxondaryolik “adolatchilar” va mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashdi.
Partiya rahbari yangi tahrirdagi Konstitutsiya targ‘iboti, hududiy partiya Kengashlari faoliyatini jonlantirish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarda qatnashdi. Dastlab joriy yilda O‘zbekiston “Adolat” SDP, jumladan, partiyaning Surxondaryo viloyati kengashi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan partiyaning viloyat, shahar va tuman Kengashlari vakillari, faollar va deputatlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Hududda partiya dasturiy vazifalarining bajarilishi, loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida qilinayotgan ishlar holati bilan tanishildi.
Yig‘ilishda partiya a’zolari safini kengaytirish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, kadrlar zaxirasini mustahkamlash, a’zolik badallari tushumini tizimli yo‘lga qo‘yish, partiya a’zolarining siyosiy bilimi hamda faolligini oshirish va boshqa ustuvor masalalar muhokama qilindi. Aytish joiz, bu borada partiya ishchi guruhlari tomonidan hududlar kesimida joylarda “Adolat” siyosiy huquqiy o‘quvlar kuni” loyihasi doirasida partiya lektorlari tomonidan jami 231 marotaba siyosiy o‘quv tashkil etilib, bu tadbirlarga 3235 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
[gallery-16438]
“Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida esa partiyaning ishchi guruhi a’zolari tomonidan jami 251 ta mahallada 2395 ta xonadon va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rganilgan. Mazkur o‘rganishlarda aholi tomonidan 234 ta murojaat kelib tushib, ular yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilgan. 70 ta murojaat mutasaddi organlarni jalb etish orqali, 65 ta murojaat esa huquqiy maslahatlar berish orqali joyida hal etilgan.
Partiyaning “Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida 76 ta fuqaro ishga joylashtirilgan. Bundan tashqari, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ish tashkil qilinib, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati o‘rnatilgan.
Yig‘ilishda ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan bu kabi ishlar, yutuqlar bilan bir qatorda kamchiliklar, hali qilinishi lozim bo‘lgan bir qator ustuvor vazifalar xususida aytib o‘tildi. Hisobot davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda faoliyat yuritayotgan partiya deputatlari tomonidan 290 ga yaqin deputatlik so‘rovi chiqarilib, 196 marotaba mansabdor shaxslarning hisoboti eshitilgan. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi “Adolat” SDP deputatlik guruhlari tomonidan viloyat, tuman va shahar Kengashlari ko‘rib chiqishi uchun doimiy komissiyalarga 44 ta, sessiyalarga 41 ta masala kiritilgan. Natijada, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan mas’ul mansabdor shaxslarga aniq topshiriqlar berilgan hamda Kengashning tegishli komissiyasi tomonidan qarorlar ijrosi nazoratga olinishi belgilangan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA