Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Adolat” SDPning o‘tgan yilgi faoliyati sarhisob qilinib, bu yilgi rejalari belgilab olindi
17:31 / 2023-03-24

Bugun O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining X plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2022 yildagi faoliyati hamda 2023 yildagi ustuvor vazifalari, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumida «Adolat» SDPning ishtirokiga oid masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda partiya siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov ma’ruza qilib, o‘tgan yildagi faoliyat natijalari xususida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “Adolat” SDP tizimida o‘tgan 2022 yilda a’zolar safini kengaytirish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish, kadrlar zaxirasini mustahkamlash, partiya faollarining siyosiy bilimlari va faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida hisobot davrida partiya a’zolari soni 46 ming 343 nafarga ko‘payib, umumiy a’zolar soni 563 ming 549 nafarni, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa 6 ming 866 tani tashkil qildi.

Xalq bilan yuzma-yuz muloqot o‘rnatish maqsadida partiyaning “Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida barcha darajadagi deputatlik korpuslari ishtirokida mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, ishchi guruhlar tomonidan 4 ming 710 ta mahallalarda aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil qilindi.

Partiya tashkilotlariga aholidan kelib tushgan 11 ming 200 ta murojaat yuzasidan tegishli mutasaddilarga 4 mingdan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborildi. Ularning 3,5 mingdan ortig‘i o‘z ijobiy yechimini topdi. 7 ming 123 dan ortiq murojaatlar esa huquqiy maslahatlar berish orqali hal etildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O‘zbekiston “Adolat” SDP deputatlik guruhlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiyalariga 1 ming 365 ta, sessiyalarga esa 723 ta masalalar kiritildi.

Hisobot davrida partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bu borada “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi” loyihasi doirasida xotin-qizlarni turli xil tazyiq va zo‘ravonliklardan himoyalash maqsadida 1 ming 698 marta uchrashuvlar tashkil etilib, 51 mingga yaqin xotin-qizlar bilan suhbatlashildi. Suhbatlar davomida xotin-qizlarga “Himoya orderi”ni berish tartiblari tushuntirildi va 229 nafar ayollarga order olib berishga erishildi.

Plenumda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining 2022 yildagi yutuq va kamchiliklari atroflicha tahlil qilinib, joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Plenumda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi hamda yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, unda ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan e’tiborga molik.

Joriy yilning 30 aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan referendum hamda yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning mazkur muhim siyosiy jarayondagi ishtiroki bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha qator fikr-mulohazalar bildirildi. Partiyaning bu boradagi asosiy vazifalari belgilab olindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA