Bugun “Adolat” SDP Siyosiy Kengashining navbatdagi XVII Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2025 yil olti oylik faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar atroflicha tahlil etildi.
Plenumda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova partiyaning 2025 yil birinchi yarmidagi faoliyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, partiya faoliyati davomida "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi muhim chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi.
Partiya Saylovoldi dasturi va g‘oyalariga hamohang ravishda bir qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, aprel oyida o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida mahalla, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, tibbiyot maskanlarida 9 ming 262 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi.
[gallery-24854]
“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan tashkil qilingan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” beg‘araz donorlik aksiyasi ayniqsa, jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur xayrli tashabbusda respublikaning barcha hududlaridan 13 mingdan ziyod ko‘ngilli va 7 ming 643 nafar donor ishtirok etib, jami 3 tonna 569 ming 990 milligram “hayot tomchilari” to‘plandi.
Plenumda partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda fraksiya yig‘ilishlarida 255 ta masala muhokama qilindi. Boshqa partiyalar fraksiyalari bilan hamkorlikda 6 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Qolaversa, qonun loyihalarini joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, qonunlarni takomillashtirishda partiyaning quyi tashkilotlaridan takliflar olish orqali elektorat manfaatlarini to‘la aks ettirish ishlari samarali amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Fraksiya – markaz – viloyat – tuman” tizimi orqali partiya bilan hamkorlikda o‘nga yaqin qonun loyihasining joylardagi muhokamasi tashkil etildi, fuqarolar tomonidan bildirilgan asosli taklif va fikr-mulohazalar belgilangan tartibda mas’ul qo‘mitalarga taqdim etildi.
Shu bilan birga, partiya fraksiyasi rahbari va a’zolari tomonidan Samarqand, Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Plenumda kelgusidagi ustuvor maqsad-vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyat hayotida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, mol-mulkni deklaratsiyalash, ochiq ma’lumotlar va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining 79-maqsadida parlament va partiyalar rolini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirishga qaratilgan rejalar belgilab olindi.
Plenum kun tartibidagi barcha masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA