“Adolat” SDP Toshkent viloyati kengashi tomonidan partiya hamda deputatlik guruhlarining joriy yilning 9 oylik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
Hisobot davrida mafkuraviy va dasturiy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan 10 ga yaqin partiya loyihalarini hayotga tatbiq etish choralari ko‘rildi.
Jumladan, “Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida barcha darajadagi deputatlik korpuslari va partiya faollari har haftaning chorshanba kunlari mahallalarda xalq bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazdi.
O‘tgan to‘qqiz oy davomida ishchi guruhlar tomonidan 130 ta mahallada uchrashuvlar, 1 ming 204 ta xonadonda suhbatlar tashkil etildi. Shuningdek, 567 ta ijtimoiy ob’ektda o‘rganishlar o‘tkazildi. Muloqotlar davomida fuqarolardan 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularni ijobiy hal etish maqsadida deputatlik so‘rovlari chiqarildi. Shundan 59 ta deputatlik so‘rovining ijrosi bajarildi. Bu jarayonda 2 ming nafarga yaqin fuqaroga kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maslahatlar hamda huquqiy tushunchalar berildi.
Shuningdek, davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida partiyaning “Adolat” siyosiy-huquqiy o‘quvlari kuni” loyihasi doirasida haftaning seshanba kunlari har bir tuman, shaharlardagi mahallalarda aholini keng jalb qilgan holda siyosiy-huquqiy o‘quvlar tashkil etildi.
“Bir oyda bir ish o‘rni” loyihasi doirasida o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlikni kamaytirish maqsadida 92 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shundan 38 nafarini yoshlar, 54 nafarini ayollar tashkil etadi.
2020 yilning 9 oyi davomida partiyaning ish rejasi va “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ishlab chiqilgan media-reja asosida ko‘zda tutilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishga ko‘proq e’tibor qaratildi.
Pandemiya sharoitida jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan muhim ishlarda deputatlardan yanada faollik talab etiladi. Iqtisodiy inqiroz vaqtida odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni hal qilish choralarini ko‘rish, bir so‘z bilan aytganda, o‘z ishiga, vazifasiga ko‘proq mas’uliyat bilan yondashish deputatning bosh vazifasiga aylandi.
Partiya faollari va mahalliy Kengash deputatlari tomonidan tizimli ravishda “Virusga to‘siq, mehrga ochiqmiz” xayriya aksiyalari doirasida joylarda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga saxovat va muruvvat yordamlari beg‘araz ko‘rsatib kelinmoqda.
“Sardoba sari saxovat karvoni” loyihasi doirasida partiya faollari og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan sardobalik hamyurtlarimizga saxovat qo‘llarini cho‘zish maqsadida “xayriya shtabi” tashkil etildi. Yig‘ilgan xayriya mablag‘lari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari partiyaning viloyat Kengashi tomonidan maxsus saxovat transporti orqali sardobalik yurtdoshlarimizga yetkazildi.
“Saxovat – benazir qadriyat” loyihasi doirasida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, jami 83 ta oila homiylikka olindi. Ularning holidan xabar olish va kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat va gigiyena vositalari yetkazib berilishi tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Hisobot davrida alohida nufuzga ega bo‘lgan Angren, Olmaliq, Yangiyo‘l shaharalari, shuningdek, Ohangaron va boshqa tumanlar Kengashlari tomonidan sessiyalarga masala kiritish susaymoqda.
Plenumda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Umid Shoumarov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan, o‘z arizasiga binoan “Adolat” SDP Toshkent viloyati Kengashi raisi lavozimidan ozod etildi. “Adolat” SDP viloyat Kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimga viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Bobur Mamirov saylandi.
Plenum yakunida barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mohinur QUDRATULLAEVA