English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Adolat” SDP oliy o‘quv yurtlarida kvotalarsiz ta’lim olish tizimi joriy etishni taklif qilmoqda
16:14 / 2019-10-04

Poytaxtimizda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan suhbat o‘tkazdi.


Poytaxtimizda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan suhbat o‘tkazdi.

Tadbirda “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov va boshqalar so‘nggi paytlarda partiyaning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega adolatli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Joriy yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, partiya saflarida 399 ming 599 nafar a’zo bor. Ular 6 ming 300 dan ortiq birlamchi partiya tashkilotiga birlashgan.

Partiyaning barcha qonunchilik tashabbuslari saylovchilarning real ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Jumladan, partiya pensiyalarni rasmiylashtirishda xususiy kompaniyalarning arxiv yozuvlarini olish qiyinligi haqida fuqarolar tomonidan bildirilgan ko‘p sonli shikoyatlardan kelib chiqqan holda, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgarishlar kiritish tashabbusi bilan chiqdi. “Aholining reproduktiv salomatligi to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlar esa O‘zbekistonda ekstrakorporal urug‘lantirish yo‘nalishlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

2019 yilning birinchi yarmida “Adolat” partiyasiga 1 ming 800 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 1 ming 331 tasi joyida hal qilingan. Qolgani esa o‘rganish va tizimli chora ko‘rish maqsadida mahalliy organlar va davlat tashkilotlariga yo‘naltirildi.

– Partiyamizning asosiy vazifalari sifatida bir qator yo‘nalishlarni qamrab olganmiz, – deydi “Adolat” SDP mafkura ishlari bo‘limi boshlig‘i Fazlitdin Ziyaev. – Jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlovchi qonunlar qabul qilinishi va qonunlarning hayotiyligini ta’minlash, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasida “aqlli” va innovatsion texnologiyalar joriy etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish. Dori vositalari sifatini ta’minlash, sifatsiz va qalbaki dori-darmonlar aylanmasining oldini olish maqsadida qonunchilik mexanizmlarini joriy etish. Shuningdek, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida kvotalarsiz ta’lim olish tizimini joriy etish va ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi moliyalashtirishga bosqichma-bosqich o‘tishi bo‘yicha ham o‘z takliflarimizni ishlab chiqqanmiz.

Tadbirda jamiyatda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni ildizi bilan quritish va aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik jamiyati va demokratik institutlarni mustahkamlash borasida so‘z yuritildi. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish, innovatsion faoliyatning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish borasida partiya tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar muhokama etildi.

Uchrashuvda jurnalist, blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.