French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Adolat” SDP nodavlat tibbiyot tashkilotlarini notijorat tashkilotiga o‘tkazishni ilgari surmoqda
16:42 / 2024-10-07

Joriy yilning 27 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan deputatlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in kechmoqda. Mazkur jarayonlarda “Adolat” SDP faol ishtirok etib, yangi Saylovoldi dasturidagi ilg‘or g‘oya va tashabbuslarni turli soha vakillari orasida keng targ‘ib etmoqda.

Xususan, partiya yetakchisi Robaxon Mahmudova jamiyatdagi turli qatlam vakillari bilan faol muloqotni ta’minlash, partiyaning maqsadlari va yangi Saylovoldi dasturini keng ommaga yetkazish, saylovchilar bilan yaqin aloqa o‘rnatish, ularning muammolarini tinglash va ehtiyojlarini aniqlash maqsadida uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Toshkent davlat pediatriya tibbiyot institutida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda partiyaning oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq sohalaridagi muhim taklif va g‘oyalari qizg‘in muhokama qilindi.   

Dastavval partiya yetakchisi oliygoh qoshidagi muzey faoliyati bilan tanishdi. Robaxon Mahmudovaga hamrohlik qilgan institut rektori Botir Daminov Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti tarixi, ilmiy salohiyati, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan o‘zgarishlar va talaba-yoshlar yutuqlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi.   

Shundan so‘ng Siyosiy Kengash raisi institut faollar zalida professor-o‘qituvchilar, partiya faollari, talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda partiya Toshkent shahar Kengashi tomonidan saylov kampaniyasi davrida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, punktlar faoliyati, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yuzasidan ma’lumotlar berildi.   

Robaxon Mahmudova “Adolat” SDPning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. “Aqlli tibbiyot” tizimining huquqiy asoslarini ishlab chiqib, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, “Elektron poliklinika” va “Yagona elektron anketa” tizimlarini yo‘lga qo‘yish, tibbiyot daromad olish manbaiga aylanib qolmasligi uchun nodavlat tibbiyot tashkilotlarini “tijorat tashkiloti”dan notijorat tashkilotiga o‘tkazish, xususiy tibbiyot, ta’lim va ovqatlanish korxonalarida sanitariya-epidemiologiya nazorati amalga oshirilishini kuchaytirish orqali aholini zaharlanish va yuqumli kasalliklardan himoya qilish kabi muhim masalalarning bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.   

Ta’kidlanganidek, “Aqlli tibbiyot” tizimining huquqiy asoslarini ishlab chiqish sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish uchun muhim qadam hisoblanadi. Bugungi kunda elektron texnologiyalarni joriy qilish orqali tibbiyotni takomillashtirish ahamiyati nihoyatda ortib bormoqda. “Elektron poliklinika” va “Yagona elektron anketa” tizimlari orqali bemorlarga tibbiy xizmatlarni samarali va tezkor taqdim etish imkoni yaratiladi. Bu esa sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.   

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarini “tijorat tashkiloti”dan notijorat tashkilotiga o‘tkazish esa tibbiy xizmatlar sifati va dasturlarning umumiy samaradorligini oshirishga yordam beradi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari doimiy ravishda fuqarolarning sog‘lig‘i uchun xizmat qilishi kerak, bu esa ularning ijtimoiy mas’uliyatini oshiradi.   

Muhtarama Komilova, O‘zA