Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Adolat" SDP davlat byudjetiga tajovuzni Vatanga xiyonat sifatida baholaydi
12:20 / 2024-10-14

Shu kunlarda qizg‘in ruhda davom etayotgan saylovoldi tashviqoti jarayonida barcha partiyalar va nomzodlar faollik bilan harakat qilmoqda.

Jumladan, “Adolat“ SDP ham 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi doirasida “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” shiori bilan faol targ‘ibot kampaniyasini olib bormoqda.  

Joylarda bo‘lib o‘tayotgan ommaviy targ‘ibot tadbirlarida partiyaning so‘nggi yillardagi samarali faoliyati va bugungi kunda ilgari surayotgan g‘oyalari haqida saylovchilarga batafsil ma’lumotlar berilmoqda.  

Jumladan, partiyaning asosiy maqsadi xalqimiz uchun munosib, adolat va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyat barpo etish ekani, adolatli jamiyat barpo etishning muhim shartlaridan biri sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash, mustaqil sud-huquq tizimini yaratish partiya dasturining ustuvor yo‘nalishlari ekani e’tirof etilayotir.  

Shuningdek, partiya korrupsiyaga qarshi kurashishda qat’iy choralar ko‘rish, u bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha samarali takliflarni ilgari surmoqda. Xususan, partiya davlat mablag‘lariga qilingan har qanday tajovuzni Vatanga xiyonat sifatida baholaydi va talon-torojlik hamda suiiste’molchiliklarni qat’iy jazolash prinsipini ilgari suradi.  

Partiya davlat byudjeti mablag‘larini noqonuniy xarajat qilish, kamomad va o‘g‘riliklarga barham berish, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining shaffofligini ta’minlashda bir qator zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish tarafdori.  

Masalan, davlat daromadiga undiriladigan barcha to‘lovlar (jarimalar, davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy undiruvlar) vazirlik va idoralar g‘aznasiga emas, to‘laligicha davlat byudjetiga tushishini ta’minlash, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirish, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari bilan bog‘liq barcha jarayonlarni raqamlashtirish va ochiqlash kabi takliflar ilgari surilmoqda.  

Partiyaning bu kabi dasturiy maqsadlari tashviqot tadbirlarida keng tushuntirilmoqda.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA