Xalqaro media xollda “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirilgan ishlar xususida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning markaziy saylov shtabi a’zolari, hududiy shtablardan vakillar, partiya faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Brifingda ta’kidlanganidek, saylov kampaniyasi davrida “Adolat” SDP insonlarning siyosiy va huquqiy savodxonligini yanada oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilishga yanada faolroq kirishdi.
“Yosh adolatchilar” va “Ayollar qanoti” tomonidan yoshlar va xotin-qizlarning saylovlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida “Mening birinchi ovozim”, “Saylov va yoshlar”, “Saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi davri”, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”, “Saylovda mening ovozim muhim”, “Kelajagim uchun ovoz beraman”, “Saylov qonunchiligi targ‘iboti yuzasidan xotin-qizlar o‘quvlariga start” mavzularida 350 dan ortiq saylovoldi targ‘ibot-tashviqot tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda yuz mingga yaqin yoshlar va xotin-qizlar qamrab olinishiga erishildi.
24 oktyabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkaziladigan saylovda partiya faoliyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish maqsadida media-reja tuzildi. Hududlarning geografik holatidan kelib chiqib, aholining turmush tarzini yuksaltirish, madaniyatini shaklantirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar tayyorlanib OAVda yoritildi. Keng jamoatchilik bilan “qayta aloqa” mexanizmini o‘rnatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Partiya telegram kanalida aholi bilan aloqa qilish maqsadida “Muhokamalar bo‘limi” ochildi. Joriy yilning 30 iyul kuni partiya Prezidentlik saylovida yangicha ruh, yangicha ramz bilan kirib borish maqsadida yangi ko‘rinishdagi logotipini tasdiqladi.
Har bir hududda “Adolat” SDPning hududlardagi ishonchli vakillari ishtirokida jami 274 ta uchrashuvlar tashkil etilib, ushbu uchrashuvlarda 200 ming nafardan ortiq saylovchilar qamrab olindi. Saylov kampaniyasi davrida partiya tomonidan televideniyada 700 dan ortiq, radiokanallarda 450 dan ko‘proq, bosma OAVda 200 dan ko‘proq, veb-saytlarda 500 marotaba va ijtimoiy tarmoqlarda 4mingdan ortiq chiqishlar bo‘ldi.
Brifingda partiyaning saylovga tayyorgarlik jarayonlari va amalga oshirgan ishlari bo‘yicha OAV vakillarining savollariga javob berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA