1995 yil 18 fevral kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ta’sis Qurultoyida Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, respublikada demokratiyani rivojlantirish, huquqiy davlat qurish jarayonlarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqqan holda siyosiy partiya tuzish yuzasidan qaror qabul qilingan edi. Bugun “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashkil topganiga 30 yil to‘ldi.
“Adolat” SDP ta’sis etilgan 1995 yilda uning safida 3 ming 400 nafardan ortiqroq a’zo bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib partiya a’zolari soni 1 million 100 mingdan oshdi. Bugungi kunda partiya a’zolari tarkibining 53,8 foizini ayollar, 39 foizini yoshlar tashkil etadi. Hududlarda 8 ming 300 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkilotlari, 209 ta tuman (shahar) Kengashlari va 14 ta hududiy partiya Kengashlari faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘tgan o‘ttiz yillik faoliyat davomida jamiyatimizda adolat tantanasi uchun kurashayotgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, uning deputatlik korpusi hamda a’zolari “Adolat har bir inson uchun!”, “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” kabi ko‘plab hayotbaxsh g‘oyalar ijrosi yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston “Adolat” SDP 40 dan ortiq yirik loyihalarni hayotga tatbiq etdi. “Muqobil energiya manbalari”, “Innovatsion faoliyat – taraqqiyot garovi”, “Shahar va qishloqda bir xil sharoit”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Birgalikda huquqiy madaniyat sari”, “Talabaning kichik innovatsion loyihasi”, “Saxovat – benazir qadriyat”, “Bir oyda bir ish o‘rni”, “Bor mehrimiz senga, bolajon”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi”, “Ta’lim sifati – partiya e’tiborida”, “Adolatli jamiyat olimlarga tayanadi” kabi loyihalar shular jumlasidandir.
“Adolat”chilar adolatni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, tinchlik va farovonlik yo‘lida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yanada ko‘proq xizmat qilish maqsadida faollik ko‘rsatishmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA