Xorazm viloyat sudida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyat sudi hamda quyi sudlar sudyalari, tizim xodimlari, sud va mehnat faxriylari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining shu yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida so‘zlagan nutqi hamda mazkur yig‘ilish tafsilotlariga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi.
So‘zga chiqqanlar Prezident ma’ruzasidan kelib chiqadigan muhim vazifalar, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning barcha sohalarda dolzarb ekanligiga to‘xtaldi.
Jumladan, sud tizimini halol va pok xodimlardan shakllantirish, sudyalarning korrupsiyaga qarshi kurashda rolini yanada oshirish kabi masalalarda uch avlod vakillarining fikr-mulohazalari eshitildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan sohalarda korrupsiyaviy omillarning oldini olishda davlat organlari tomonidan fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish zarurligi ta’kidlab o‘tilgan edi, – deydi viloyat sudi sudyasi Mahmud Mahmudov. – Haqiqatdan ham bugun raqamlashtirish sud tizimi uchun ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sudga murojaat qiluvchi fuqarolarga interaktiv ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini ko‘paytirish orqali yengillik yaratishda juda muhim vazifa hisoblanadi.
Yig‘ilishda Oliy sud raisining sudyalar va sud xodimlariga yo‘llagan murojaatida ta’kidlangan muhim jihatlar barcha sudya va sud xodimlariga yetkazildi.
Davlatimizdagi islohotlarning samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, adolatni ta’minlash orqali aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash avvalo korrupsiyaning oldini olishdan boshlanadi. Asosiy vazifasi qonun ustuvorligini ta’minlash va jamiyatda adolatni qaror toptirish hisoblanadigan maskanda korrupsiyaga o‘rin yo‘q.
[gallery-22313]
Tadbir yakunida sudyalar hamjamiyatining har bir a’zosi bu dolzarb vazifani chuqur anglab yetishi uchun davomli ishlar, aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari