Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat qaror topdi: ishchilar ishiga qayta tiklandi
18:10 / 2020-11-25

Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi. Qorovulbozorlik Umar Qosimov ushbu naql qanchalik haqiqat ekanligiga hayoti davomida guvoh bo‘ldi.

Gap shundaki, tumandagi “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘’ba korxonasida  marketing va  ta’minlash bo‘yicha agent lavozimida ishlab kelgan bu shaxs bilan tashkilot o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yil 3 avgustda chiqarilgan buyruq asosida bekor qilingan.

Xuddi shunday holat mazkur korxonada mexanik lavozimida ishlagan Farrux Muhitdinov bilan ham sodir etilgan va u qonunga zid ravishda ishdan bo‘shatilgan.

Holat yuzasidan Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashiga jabrlanuvchi har ikki fuqaro tomonidan ishga tiklanishiga amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab qilingan murojaatlar Kogon tumanlararo fuqarolik sudi tomonidan 2020 yil 19 oktyabr kuni, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining da’vo arizasiga asosan ko‘rib chiqildi.

Da’vo arizasida Qorovulbozor “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘’ba korxonasining F.Muhitdinov va U.Qosimovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi 2020 yil 3 avgustda chiqarilgan 105 p.1, p.2 sonli  buyruq O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 101-moddasi va korxonalarning jamoa  shartnomalari talablari buzilgan holda g‘ayriqonuniy  chiqarilganligi bayon qilingan.

Mehnat kodeksining 101-moddasiga asosan korxona kasaba uyushma qo‘mitasi ish beruvchining xodimni o‘z tashabbusiga ko‘ra ishdan bo‘shatilishiga rozilik berishni so‘rab qilgan taqdimnomasini olganidan so‘ng ishdan bo‘shatishning qonuniyligi va asoslantirilganligini tekshirib ko‘rishi, xodimni ishdan bo‘shatishga monelik qiluvchi holatlar aniqlangan taqdirda bu haqda ish beruvchini xabardor qilishi lozim.

Shuningdek, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish beruvchining taqdimnomasini ko‘rib hal etishi va taqdimnoma berilgan kundan boshlab o‘n kun davomida xodimni ishdan bo‘shatishga rozilik berishi yoki rozilik berishni rad etish haqidagi majlis bayonnomasini ish beruvchiga taqdim qilishi shart.

– Ish beruvchining xodimni ishdan bo‘shatishga rozilik berishni so‘rab bergan taqdimnomasi ko‘rib chiqilishi asosida kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan berilgan yozma rozilik (majlis bayonnomasidan ko‘chirma) qabul qilingan paytidan boshlab bir oy davomida yuridik kuchga ega bo‘ladi va xodimni ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘lishi mumkin, – deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi yetakchi yuriskonsulti X.Choriyev. – Bir oylik muddatning uzrli sababsiz o‘tkazib yuborilishi mazkur hujjat yuridik kuchini yo‘qotib qo‘yishiga olib keladi va mazkur muddat o‘tganidan keyin xodimning ishdan bo‘shatishga asos bo‘la olmaydi. Ushbu muddat o‘tganidan keyin xodimning ishdan bo‘shatilishi  kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi roziligi olinmasdan ishdan bo‘shatish deb baholanadi.

Sud da’vogarning da’vosini muhokoma qilib, Mehnat kodeksining 101-moddasiga asosan F.Muxitdinov va U.Qosimovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi korxona kasaba uyushma qo‘mitasiga taqdimnoma kiritmasdan, qo‘mitaning roziligini olmasdan bekor qilinganligini inobatga olib, Qorovulbozor “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘’ba korxonasining tegishli buyruqlarini g‘ayriqonuniy deb bekor qilishni, F.Muhitdinov, U.Qosimovlarni o‘z vazifalariga ishga tiklashni lozim topdi.

Da’vogar viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining F.Muhitdinov va U.Qosimovlar manfaatida javobgar  Qorovulbozor “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘ba korxonasiga nisbatan ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun haq va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vosi qanoatlantirilib, Qorovulbozor “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘’ba korxonasidan F.Muhitdinov va U.Qosimovlar foydasiga 13.450.000 so‘m undirildi. Javobgarlar Qorovulbozor “Texnik ta’minlash va butlash” sho‘’ba korxonasi tomonidan davlat foydasiga davlat boji undirilishi yuklatildi.

Mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy bekor qilish xodimlar mehnat huquqlari poymol etilishining eng qo‘pol shakllaridan biri bo‘lib, ish beruvchining bu boradagi kamchiliklarini bartaraf etishda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi mas’ul xodimlari tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Zarif KOMILOV, O‘zA