Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Adolat" partiyasi vaziyatni nazoratga oldi
18:57 / 2025-09-26

So‘nggi kunlarda Toshkent viloyatining ba’zi tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi jamoatchilikni qattiq tashvishga solmoqda. Shifoxonalarda bolalar ko‘pligi haqidagi ma’lumotlar esa bu holatning qanchalik jiddiyligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston “Adolat” SDP bu voqeani nafaqat tibbiy-sanitar muammo, balki ijtimoiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida baholaydi. 

Farzandlarimiz salomatligi, ularning hayoti va kelajagi masalasi eng ustuvor o‘rinda turishi lozim, ularga berilayotgan mahsulotning sifati ustidan nazoratning yetarlicha ta’minlanmagani – bugungi vaziyatning asosiy sababi, deb hisoblaymiz. 
Bolalar salomatligi bilan bog‘liq sohalarda standartlar, qoidalar va sanitariya normalariga qat’iy rioya qilish – har bir ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchining bevosita burchi bo‘lishi lozim. 

Jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kengaytirish, ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar faoliyatini shaffof va ochiq monitoring qilish – bugungi kun talabi ekanligini ko‘rsatmoqda. 

Qolaversa, bu holat – nazorat va mas’uliyat yo‘qolganda jamiyat qanday xavf ostida qolishini yaqqol ko‘rsatdi.

Vaziyat partiya Siyosiy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan nazoratga olindi. Parlament va mahalliy kengashlardagi deputatlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh haqiqiy holatni o‘rganish, muammoning asl sabablariga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent viloyatining tegishli tumanlarida o‘rganishlar o‘tkazishni boshladi. 

“Adolat” SDP mazkur mazkur holatga olib kelgan barcha sabablar jiddiy o‘rganilishi va aybdor shaxslar javobgarlikka tortilishi shartligini ta’kidlaydi, shuningdek aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat nazoratini tubdan kuchaytirish zarurligini qat’iy ilgari suradi. 

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining ba’zi tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi holati yuzasidan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek ushbu holatga aloqador shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etish bo‘yicha Bosh prokuraturaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan deputatlik so‘rovi yuborildi. 

O‘zA