Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Adolat" partiyasi: Toshkent shahrida renovatsiyaning mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida yangi qurilishlarni amalga oshirmaslik tarafdorimiz
17:46 / 2023-11-19

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi regulation.gov.uz portaliga “2024 yilda Toshkent shahar Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan, yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi joylashtirildi.

Albatta, poytaxtimiz tumanlari rivojlangan davlatlar tajribasi asosida yanada obod etilishi, ularda innovatsion, “yashil texnologiyalar”ning va zamonaviy usullarning joriy etilishi, tadbirkorlik hamda turizm salohiyatining ortishi barchamizni quvontiradi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari, ekspertlari tomonidan mazkur qaror loyihasi atroflicha o‘rganilib, tahlil etilganida unda rejalashtirilayotgan ayrim masalalar yuzasidan savollar yuzaga keldi.

Taklif etilayotgan qaror loyihasiga ko‘ra, Chilonzor tumani hududidan Do‘mbirobod, Kichik halqa yo‘li, Dilxush 2-tor ko‘chasi kesishmalari oralig‘ida joylashgan yo‘l bo‘yidagi aholi xonadonlari va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini renovatsiya asosida ko‘p qavatli qilib qayta qurish hamda birinchi qavatida yangi zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.  

Renovatsiyaning mustahkam huquqiy asosi, xususan, uni amalga oshirishning qat’iy talab va tartiblari, uy-joy mulkdorlari huquqlariga rioya etish kafolatlari bo‘lmasdan turib, bu borada loyihalarning amalga oshirilishi jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlariga putur yetkazishi mumkin.

Shu sababli, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mazkur qaror loyihasini renovatsiyaga oid qonunchilik asoslari mavjud emasligini  hamda keng jamoatchilik, shu jumladan, Chilonzor tumani aholisi bilan har tomonlama muhokama qilib, ularni fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.  

O‘zA