“Adolat” kitob kunlari
Guliston shahridagi “Yurt bayrogʻi” maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” huquqiy axborot markazi tomonidan “Adolat” kitob kunlari” shiori ostida huquqiy adabiyotlar taqdimoti va koʻchma kitob savdo-yarmarkasi oʻtkazildi.
Guliston shahridagi “Yurt bayrogʻi” maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” huquqiy axborot markazi tomonidan “Adolat” kitob kunlari” shiori ostida huquqiy adabiyotlar taqdimoti va koʻchma kitob savdo-yarmarkasi oʻtkazildi.
Unda huquqshunoslar, davlat boshqaruvi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, oʻqituvchilar, talabalar va huquqiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi tashkilot xodimlari hamda shahar fuqarolari ishtirok etdi.
Ushbu yarmarkada barcha uchun zarur boʻlgan huquqiy adabiyotlar, ijtimoiy-siyosiy, badiiy-publitsistik, jahon adabiyoti durdonalari, badiiy-detektiv, mustaqil saboqlar boʻyicha kitoblar hamda bolalar adabiyotlari savdosi tashkil etildi.
– Shuni alohida taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni va unga ilova qilingan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi”, shuningdek, mazkur Konsepsiyani 2019 yilda samarali amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan markazimiz tomonidan yil boshidan buyon 300 dan ortiq huquqiy targʻibotga oid tadbirlar uyushtirildi, – deydi Markazning Marketing boʻlimi bosh mutaxassisi Dilmurod Ahmedov. – Bugungi yarmarkaga 40 turdagi huquqiy, 100 turdan ziyod badiiy va bolalar adabiyotidan namunalar olib kelganmiz. Oʻylaymizki, kitoblarimiz sirdaryolik kitobxonlarga manzur boʻlishiga ishonchim komil.
Yarmarka juda koʻtarinki ruhda oʻtdi, ishtirokchilar oʻzlari uchun koʻplab zarur adabiyotlarni arzonlashtirilgan narxda xarid qildi.
– Bugungi yarmarka tashkilotchilaridan juda minnatdor boʻldik, juda savobli ishni amalga oshirishdi, ming rahmat, – deydi viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi yuristkonsulti Solijon Begaliyev. – Kitob yarmarkasida ishtirok etib ish faoliyatimda foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, Konstitutsiyaning yangi nashri va bir qancha huquqiy adabiyotlar sotib oldim.
Bu kabi yarmarkalar nashriyot va aholining barcha qatlamlarini bir-biriga yaqinlashtiradi, kitobga boʻlgan talabni oʻrganish, aholi kitobxonligini oshirish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.