Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat – davlatchilikning mustahkam poydevoridir
17:01 / 2024-03-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev o‘zining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytgandek, “Adolat yo‘qolgan paytda hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz zarur. Sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”, deb yozgan.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining dastlabki besh yilik davrida boshlangan inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar bugun ham izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, Davlat boshlig‘i ta’kidlagan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlash, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish borasidagi islohotlar tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ham ko‘rib turibmiz. Albatta, bu bejiz emas. Chunki, yunon faylasufi Epikur aytgandek, - aqlli, axloqli va adolatli bo‘lmay turib, ko‘ngildagidek yashash mumkin emas. Va, aksincha, ko‘ngildagidek yashamay turib, aqlli, axloqli va adolatli hayot kechirib bo‘lmaydi.

Keling shu o‘rinda e’tiboringizni keyingi yillarda va biz ko‘p aytadigan Yangi O‘zbekiston sud tizimida olib borilgan islohotlar qaratsak. Statistik ma’lumotlarda, birgina, shaxslarni sud zalidan ozod etish dinamikasi shundan dalolat bermoqdaki, sudlar haqiqatdan ham fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda tom ma’noda mustaqil faoliyat yuritayotganini namoyon etmoqda.

Masalan, sudlar tomonidan 2019-yilda 3080 ta, 2020-yilda 3434 ta, 2021-yilda 5930 ta, 2022-yilda 8453 ta va 2023-yilda 7362 ta shaxslar sud zalidan ozod etilgan. Shuningdek, 2017-2023-yillar davomida jami 5956 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan. 

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz sud-huquq tizimida keyingi yillarda olib borilayotgan islohotlar o‘zining samarasini amalda bera boshladi. Shu o‘rinda, sud hokimiyati tizimida o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish borasida keyingi yillarda olib borilgan islohotlarga to‘xtalsak.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 132-moddasiga muvofiq: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.

Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi.

Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi.

Shu o‘rinda diqqatingizni bitta muhim jihatga qaratmoqchimiz. Avvallari, yana ham aniqrog‘i, 2017-yilga qadar Konstitutsiyaviy sud a’zolarini saylashda, hozirgidek demokratik tamoyillar to‘liq joriy qilinmagan bo‘lib, ta’bir joiz bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sud sudyalarini saylash tartibi Konstitutsiyada batafsil ko‘rsatib berilmagan. Mamlakatimiz Prezidentining shaxsan tashabbuslari bilan sudlarni mustaqilligini ta’minlash, xususan Konstitutsiyaviy sudni tashkil etishda davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni ta’minlash maqsadida davlat boshlig‘i sifatida Prezident – Qonun chiqaruvchi hokimiyat (yuqori palata Senat), shuningdek, Sudyalar oliy kengashi birgalikda ishtirok etishi belgilab qo‘yildi.

Shunday qilib, Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar uch bosqichda shakllantiriladi. Sudyalar oliy kengashi tavsiya etadi. Prezident taqdim qiladi. Senat tomonidan saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning bunday tartibda shakllantirilishi dunyo amaliyotida mavjud va eng demokratik tartib - tamoyillarga to‘liq javob beradi.

Avval, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylash haqidagi qoida bo‘lmagan. Bu ham yangi joriy qilingan tartib bo‘lib, Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosarini mustaqil faoliyat yuritishi uchun muhim kafolat hisoblanadi. Avvallari, Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari nomzodi Prezident tomonidan taqdim etilgan. Va, bu qaysidir ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega bo‘lgan yagona sud hokimiyati faoliyatiga obrazli qilib aytganda, “bosim” ostida ushlab turmasligiga kafolat yo‘q edi. Endilikda bunday “bosim”larga o‘rin qolmadi. 

Ochiq aytish kerak, Yangi O‘zbekiston sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar zamirida, eng avvalo, “inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvorligi bois, Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga ilk marotaba jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy shikoyat institutini tadbiq etilishiga turtki berdi. Bundan qarib, 35-yil avval tashkil topgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining vakolatlari Asosiy Qonunni jami to‘rtta bandida belgilangan bo‘lsa, bugun esa, uning vakolatlari jiddiy ravishda kengayib, Yangilangan Konstitutsiyani 133-moddasining 8 ta bandida mustahkamlab qo‘yildi. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.” Demak, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Prezident chaqirig‘iga yanada mas’uliyat bilan yondashaveradi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni istar edikki, kelgusi maqolalarimizda ham siz aziz o‘quvchilarni va fuqarolarimizni mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyati bilan yanada yaqinroq tanishtirishda davom etamiz. Toki, keng jamoatchilik sud-huquq sohasidagi islohotlardan xabardor bo‘lar ekan, olib borilayotgan islohotlardan shaxsiy manfaatdorligi ortib boraveradi. Bu esa, islohotlar samaradorligiga xizmat qilishi shubhasiz.

Abdumannob Rahimov,

Konstitutsiyaviy sud sudyasi,

O‘zA