Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolat bor, qonun ustuvor jamiyatda yuksalish bo‘ladi
16:45 / 2021-04-02

O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topganiga o‘ttiz yil to‘lmoqda. Bu yillarda xalqimizning ozod va obod Vatan, yangi davlat va jamiyat barpo etish yo‘lidagi buyuk ishlari mujassam. Istiqlol yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi.

Mustaqilligimizning o‘ttiz yillik bayrami “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya ostida nishonlanayotgani zamirida ham o‘ziga xos ma’no-mohiyat mujassam. Chunki inson erkinliksiz haqiqiy saodatga erisha olmaydi. O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi sifatida dunyo miqyosida tan olinayotgan hozirgi davr mustaqillikni mustahkamlash sari qo‘yilgan eng ulkan qadamlar davridir. Zotan, bu davr O‘zbekistonni butunlay o‘zgartirdi, mamlakatimizni yangi, shaffof qiyofada jahonga tanitdi.

Eng muhimi, ushbu davrda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi. Bugun davlat va jamiyatning islohotlar bilan qamrab olinmagan biron-bir jabhasi qolmadi. Ayniqsa, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson manfaatlarini himoya qilish yo‘lida salmoqli ishlar bajarildi.

Shu o‘rinda, prokuratura tizimi ham har jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, inson huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat manfaatlarining haqiqiy himoyachisi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo‘lida faoliyat yurituvchi tizim sifatida maydonga chiqmoqda. Buni nimalarda ko‘rish mumkin?  

Nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli va ta’sirchan nazorat o‘rnatish orqali qonuniylikni mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Nazorat organlaridan olingan axborotlar asosida eng muammoli sohalar aniqlanib, qonun buzilishi holatlari hamda tizimli kamchiliklarning asl sabablari bartaraf etilmoqda. Yana bir muhim jihat shundaki, ijtimoiy sohada prokuror nazoratini ta’minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bir yil mobaynida tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj 558 mingga yaqin fuqaroning muammolari hal etilib, 2 ming 492 nafar fuqaroning 5,2 milliard so‘mdan ortiq ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berildi.

Ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshirishda suiiste’molchiliklarni bartaraf etish ham diqqat markazimizda. Jumladan, nazorat tadbirlari davomida 14 ta holatda 1,5 milliard so‘mdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 10 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 120 million so‘mdan ortiq yetkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplandi, sudlarga 1,1 milliard so‘mlik 458 taga yaqin da’vo arizalari kiritilib, qariyb 1 milliard so‘mi undirildi.

Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat faoliyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Nazorat tadbirlarida 1,5 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanib, 1,7 ming nafariga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashildi. Prokurorlar ko‘magida faoliyati to‘xtab qolgan 800 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyati qayta tiklandi. 82 ta tadbirkor eksport faoliyatiga jalb etildi. 315 ta eksportyor korxonalarning litsenziya, kredit, yer va bino olish hamda boshqa masalalarga doir muammolari hal etilib, 465 tasining 63,5 million dollarlik qarzdorligini undirishga erishildi. Tadbirkorlar huquqlarini buzgan 69 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 6 ta qonunga zid hujjatlariga protest keltirildi.

Joylarda prokurorlar nafaqat qonun himoyachisi, balki sektor rahbari sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, o‘tgan yili hamda joriy yilning birinchi yarmida uyma-uy yurish asosida ko‘plab xonadonlardagi muammolar hal etilib, qariyb 5 mingga yaqin fuqarolar ish bilan ta’minlandi.Qator ijtimoiy muammolar o‘z yechimini topdi.Birgina Bag‘dod tumani Mehnatobod qishlog‘ida 57-umumiy o‘rta ta’lim maktab binosi 1975 yilda dastlab dala shiyponi sifatida qurilib, zarur sharoitlarsiz foydalanib kelingan. Maktab binosi prokuror tashabbusi bilan tadbirkor, elparvar homiylarning 4 milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘lari hisobidan hashar yo‘li bilan yangitdan qurilib, foydalanishga topshirildi.

Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalar bilan ishlash prokurorlar sektorlari faoliyatining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilandi. bugungi kunda viloyatda prokurorlar sektorlaridagi 15,3 mingdan ortiq “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, 19 mingdan ortiq “Yoshlar daftari” va 11,1 mingdan ortiq “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, xususan, ularni moddiy ta’minlash, oila a’zolarini ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha xodimlarimiz mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda tunu kun mehnat qilmoqda. Natijada “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning qariyb 13,4 ming yoki 87,4 foizdan ortig‘i mahalliy Kengashlar qarorlari asosida ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarildi. Shu bilan birga, mazkur daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan yangicha “mahallabay” tamoyili asosida ishlash orqali ularni ro‘yxatdan chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘z o‘rnida, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida prokuror nazorati keskin kuchaytirildi. Ichki ishlar organlari va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv ishlarining kuchaytirilishi natijasida qidiruvdagi 382 nafar shaxs ushlandi. Mahalla va oilalarda osoyishtalikni ta’minlash, nizo va ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha hamkor tuzilmalar bilan amalga oshirilgan ishlar samarasida mahallalarning qariyb 140 foizida jinoyat qayd etilmadi.

Prokuratura organlari tomonidan aholi bilan ochiq muloqot qilish, muammolarni joyida hal etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yilda kelib tushgan 25 mingdan ortiq murojaatning 20 mingga yaqini bevosita prokuratura organlarida hal etilgani ana shu choralar samarasidir. Albatta, qilingan ishlar to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin. Biroq, tizimni haqiqiy “xalq prokuraturasi”ga aylantirish yo‘lida hali oldimizda bartaraf etilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar ko‘p.  

Qonun ustuvor, adolat barqaror bo‘lsa, jamiyat ham o‘zining ko‘zlagan maqsadlariga erisha oladi. Xalqimiz azaldan yuksak qadrlab keladigan, hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat tuyg‘usini hayotimizda yanada keng qaror toptirish, jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash ustuvor vazifalarimizdan biridir. Oliyjanob xalqimizga munosib bo‘lish, uning roziligi yo‘lida ishlash esa, har bir prokuratura xodimi uchun muqaddas burch va yuksak sharafdir.

 

Baxtiyor Ismoilov,

Farg‘ona viloyat prokurori