French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Adolat» axborot tizimida ishlash bo‘yicha hududiy trening o‘tkazildi
20:40 / 2021-06-07

Xizmatlarni raqamlashtirish fuqarolar bilan ishlovchi davlat organlari va boshqa idora, tashkilotlarda ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yish orqali ish hajmining kamayishiga yordam bersa, muhimi, aholining masofaviy xizmatdan foydalanishi natijasida ham vaqt ham mablag‘ tejaladi.

Shu sababli bugun boshqa sohalar singari, sud hokimiyati organlarini raqamlashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Hozirda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali bir nechta interaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu xizmatlarning qamrovi yildan-yilga kengayib, soni ham oshib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH xalqaro Taraqqiyot agentligi va Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi vakillari hamkorligida Xorazm viloyati Urganch shahrida sudya va sud apparati xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi. 

Seminar «Oliy sudning yagona «Adolat» elektron sudlov axborot tizimi kompleksida ishlash, sud tizimidagi interaktiv xizmatlardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish» mavzusida bo‘ldi.

Unda Oliy sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Bahrom Ochilov, xalqaro tashkilotlar vakillari sudyalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish va elektron tarzda ish yuritish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirdi.

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi «Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga «Adolat» axborot tizimlari kompleksining joriy etilishi munosabati bilan tashkil etildi.

Oliy sudning «Adolat» axborot tizimlari kompleksi va uning tarkibiga kiruvchi axborot tizimlari sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni elektron shaklda taqdim etish, ularni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish, sud hujjatlarini avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish va boshqa bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi.

Ta’kidlash lozim, sud tizimiga bu kabi AKTlarni joriy etish sudlar faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va tezkorligini ta’minlash, sudlov ishi sifati va aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirishga imkon beradi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA