“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “ADM Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarni yirik uzelli yig‘ish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Loyihaning mazkur ilk bosqichi qiymati 12 million dollardan ziyodni tashkil etdi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona. Zavod multibrendli bo‘lib, bu yerda “KIA”, “Renault” va “Lada” rusumidagi 10 xil yengil avtomobil yig‘ilmoqda. Bu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni va shinamligi, tejamkorligi, servis xizmatlari arzonligi, boshqaruv qulayligi bilan xaridorlarga ma’qul kelmoqda. Avtomobillarga besh yillik kafolat berilayotir. Korxonada 250 nafar mutaxassis faoliyat olib bormoqda.
[gallery-4358]
Loyihaning 2023 yilning birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan ikkinchi bosqichida kichik uzelli ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Ya’ni, 314 turdagi butlovchi qismlarni yasash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, zavod quvvati yiliga 100 ming donaga chiqadi. Shuningdek, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
A’lo ABDULLAEV (surat), O‘zA