Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan "Mehr ulash – qon topshir" shiori ostidagi xayriya aksiyasida Navoiy viloyati adliya boshqarmasi, tuman va shahar adliya bo‘limlari xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2021 yil 25 iyundagi “ Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Parlament so‘rovi yuborish haqida” gi qarorida belgilangan talablar asosida tashkil etildi.

Tadbir avvalida viloyat qon quyish stansiyasi xodimlari tomonidan har bir xodim maxsus nazorat ko‘rigidan o‘tkazilib, ruxsat etilganlar donorlikka ro‘yxatga olindi.
Tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, odam organizmida 4,5-5 litr qon bo‘lib, undan 450 ml atrofida qon olinadi va organizm 36 soat ichida topshirilgan qon miqdorini tiklab olish xususiyatiga ega. Sog‘lom kishi uchun qon topshirish xavfsiz hisoblanib, u arterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qon inson salomatligining asosidir. Oramizda shunday kishilar borki, ular qon yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Adliya organlari tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar yuzlab bemorlar dardiga shifo tilab, qon topshirdilar.

Tadbir davomida“MENDONOR” shiori ostida fleshmob ham o‘tkazildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.