Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostida keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Amangeldi Prenov tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar haqida ma’lumot berdi:
– “Adliya yoshlarga ko‘makdosh!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar uch kunga mo‘ljallangan. Bugun Nukus tumanida “Qirantau” ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan 23-umumta’lim maktabida yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Unda o‘quvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ochiq darslar, yoshlar bilan suhbat va savol-javoblar o‘tkazildi.
Xo‘jayli tumanidagi “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida rahbar va yoshlar uchrashdi. Yoshlarning huquq sohasiga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida ular adliya bo‘limi faoliyati bilan tanishtirildi. "Zakovat" o‘yini, Mudofaa va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.
Ertaga Nukus shahrida “Adliya sayili” huquqiy aksiyasi o‘tkaziladi. Tadbirda fuqarolarga barcha sohalar bo‘yicha bepul huquqiy maslahatlar beriladi. Unda davlat organlari, sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatlar, notariuslar, nodavlat notijorat tashkilotlari mas’ullari ishtirok etadi.
Sayil davomida sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, madaniyat xodimlarning konsert dasturi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari, harbiy chiqishlar namoyish etiladi. Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, psixolog maslahatlari beriladi.
Kegeyli tumanida ham “Huquqiy targ‘ibot kuni” bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Tadbirda Xalqobod mahallasi yettiligi bilan uchrashuv, uyma-uy yurish, sayyor qabul o‘tkaziladi.
19 sentyabr kuni esa Nukus shahrida “Maftunkor ranglar jilosi” tanlovi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 7-13-yoshli nogironligi bo‘lgan bolalar ishtirok etadi. Ishtirokchi bolalar sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
N.ABDURAIMOVA, O‘zA