Prezidentimiz tomonidan “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unda fuqarolar hayotidagi huquqiy muammolarni aniqlash hamda aniqlangan huquqiy muammolarni hal etish adliya bo‘limlarining asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Aholining huquqiy ongi yetarli bo‘lmagan qatlamining muammolari o‘rnida o‘rganildi va bartaraf etilishi ta’minlandi. Shu bilan bir qatorda bunday aholi qatlamiga kerakli huquqiy maslahatlar berish orqali ularning huquqiy ongini o‘stirishga erishildi.
Farmon ijrosi yuzasidan Yangiyo‘l tuman adliya xodimlari tomonidan “Huquqiy ko‘mak” aksiyalari o‘tkazildi va yuzdan ortiq fuqarolarning huquqiy muammolari bartaraf etildi.
Jumladan, 1956 yilning 25 oktyabr kuni Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan Y.R. ismli fuqaroning hozirgi kunga qadar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shu sabab fuqaroga hozirgi kunga qadar yoshga doir pensiya tayinlanmagan. Tuman adliya bo‘limining Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudiga fuqaro Y.R.ning tug‘ilganlik faktini aniqlash to‘g‘risida ariza kiritilib hal qiluv qarori qabul qilindi.
Shuningdek, D.N. ismli fuqaro Qirg‘iziston Respublikasidan doimiy pasport ro‘yxatidan chiqib, 1994 yilning may oyida doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumaniga oila a’zolari bilan ko‘chib kelib yashagani aniqlandi. Fuqaro D.N. hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olmagan. Fuqaro tomonidan tuman adliya bo‘limining O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaganlik faktini tasdiqlash to‘g‘risida sudga da’vo ariza kiritildi va hal qiluv qarori qabul qilindi. D.N.ga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini tasdiqlovchi pasport taqdim etildi.
Bu kabi ijobiy ishlar natijasida aholi o‘rtasida adliya xodimlariga bo‘lgan ishonch yanada ortmoqda. Aholi bu kabi tadbirlardan xursandligini bildirmoqda.
A.Narziyev,
Yangiyo‘l tuman adliya bo‘limi boshlig‘i