Nurafshon shahrida Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Uni tizim mutaxassislari tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyotining holati, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini huquqiy himoya qilish, notariat va advokatura yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar xususida axborot berildi.
Jumladan, o‘tgan yil kelib tushgan murojaatlarning 97,4 foizi ijobiy hal qilindi. Joylarda tashkil etilgan monitoring va o‘rganishlar davomida aniqlangan 73 ming 368 ta qonunbuzarlik holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taqdimnoma, sudlarga da’vo arizalari kiritildi. O‘z navbatida huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy materiallar rasmiylashtirildi. Birgina intellektual mulk huquqlarini himoya qilish yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan davrda bozorlar, savdo nuqtalari va dorixonalarda profilaktik kuzatuv tadbirlari tashkil qilindi.
[gallery-21860]
– 2025 yilda boshqarmamiz va tizim tashkilotlari bilan birga ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni maqsad qildik, ularning ayrimlari joylarda boshlangan, – deydi Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rashid Mirzahmetov. – Masalan, Prezidentimizning “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mahallalarda haftaning har chorshanba kuni “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlari tashkil etiladi. Bu jarayonda mutaxassislar “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan va joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli, aholi uchun eng dolzarb masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar beradi.
Joylardagi 1 ming 25 ta mahallada uyma-uy yurgan holda “Huquqiy ko‘mak” aksiyasi o‘tkazilib, aholining huquqiy muammolarini savolnoma asosida o‘rganish va ularni bartaraf etish maqsad qilingan. Xususan, Nurafshon shahar Adliya bo‘limi tomonidan bu boradagi sa’y-harakatlar boshlangan. Yanvar oyida ular tomonidan “Yangiobod” mahallasida 1 ming 47 murojaat o‘rganildi. Murojaatlarning asosiy qismini kadastr, kommunal soha va ajrim, tug‘ilganlik guvohnomalarini olish bo‘yicha barchasi ijobiy hal etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar atroflicha javob berdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.