Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya xalq xizmatida
09:53 / 2024-04-02

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, davlat organlarining xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilishi va barcha bo‘g‘in mansabdor shaxslarining fuqarolar oldidagi mas’ulligi Bosh qomusimiz orqali belgilab berilarkan, bugungi jarayonlar buning amaldagi ijobiy natijasini ifoda etib bormoqda.

Xususan, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini himoyalashda, aholiga namunali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yangicha tartib va mezonlarning hayotga tatbiq etilayotgani yillar davomida yechimini kutib kelayotgan muammolarga barham bermoqda. 

Birgina adliya tizimidagi bugungi o‘zgarishlar tahlil qilinganda, sohaning davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajarayotganini ko‘rish mumkin. Ko‘rsatilayotgan huquqiy ko‘maklar va davlat xizmatlari natijalari esa fikrimizning isbotidir. 

Mavzuni Qashqadaryo viloyati misolida tahlil qilarkanmiz, o‘tgan 2023-yil davomida viloyat adliya boshqarmasi va uning quyi bo‘g‘inlari tomonidan aholiga jami 1.057.412 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lib, yil davomida 36 ming 991 ta tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning tub maqsadi insonga munosib turmush sharoitini yaratishdtr. Demokratik davlatda esa inson huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinadi, uning munosib hayot kechirishi uchun davlat tomonidan ko‘mak beriladi. 

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanida aholining huquqiy savodxonligini oshirish va rasmiy hujjatlar bilan bog‘liq yetarlicha muammolar mavjud edi. Tumanning «Qanotli», «Chorvador» va «Toshli» MFYlarida aholining nikoh, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni hal etish maqsadida tashkil etilgan aksiyada hududda 1 ming 205 ta davlat xizmati ko‘rsatilib, 110 ta tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, 109 ta nikohni qayd etish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi. 

Axborot asrida vaqt va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida joriy etilayotgan elektron xizmatlardan foydalanishda, albatta, aholidan bu borada yetarlicha tushuncha va bilim talab etiladi. Shu boisdan o‘tkazilgan “Har bir uyga bepul huquqiy maslahat bilan” shiori ostidagi huquqiy aksiya doirasida fuqarolarga “my.gov.uz” tizimidan foydalanishni bepul o‘rgatish maqsadida chekka hududlarda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ushbu tadbirlarda jami 97 ming 320 nafar fuqaro qamrab olinib, onlayn xizmatlar afzalliklari tushuntirib o‘tildi. 

Shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ularga qulayliklar yaratish maqsadida faoliyat olib borayotgan Qarshi shahri va Shahrisabz tumani davlat xizmatlari markazidagi xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish bilan bog‘liq harakatlar qo‘shimcha yana 10 ta tuman DXMlarida ham yo‘lga qo‘yildi. 

Sohadagi yangiliklardan biri, shubhasiz, DXMlarida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning alohida toifalarga ajratilganligi bo‘ldi, deyish mumkin. Ya’ni, ushbu amaliyot natijasida fuqarolarning navbat kutish vaqti 2-3 hissaga kamayishiga erishildi. 

Fuqarolar huquqlarining qonuniy himoyalanishida ularning tegishli hujjatlarga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, tug‘ilishni qayd etish, o‘z vaqtida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish keyingi jarayonlarda fuqaroning huquq va manfaatlarini ishonchli himoyalashga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, viloyatdagi FHDYO bo‘limlari tomonidan aholi o‘rtasida bu borada tushuntirish ishlarini  olib borish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. 

Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2023-yilda viloyatda 102 ming 345 ta tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, 554 holatda tug‘ilish muddati o‘tkazib qayd etilgan. 4 ming 866 ta holatda otalikni belgilash, 392 ta holatda farzandlikka olish xususidagi dalolatnomalar rasmiylashtirilgan. 

Albatta, mazkur yo‘nalishda ham aholiga qulayliklar yaratish maqsadida onlayn platforma orqali hujjatlarni rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 68 ta tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma onlayn arizalar orqali rasmiylashtirilib, tegishli tartibda manziliga yetkazib berilgan. 

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida barcha huquqiy asoslar yaratilgan va kafolatlangan. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning barchasi inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni himoyalash kabi oliyjanob maqsadlarga xizmat qilmoqda. 

Nilufar Sattorova, 
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasining

 huquqiy axborot bo‘yicha bosh maslahatchisi.

O‘zA