Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati hamda mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha Adliya vazirligining axboroti eshitildi.
Eshituvda o‘zlashtirilgan mablag‘larning maqsadli sarflangani, notarial idoralardagi elektron hujjat almashinuvi, hududiy adliya bo‘limlarida yuridik xizmat ko‘rsatishning qamrab olingani, litsenziyalash va ruxsat berish hujjatlarini qisqartirish va soddalashtirishning holatiga alohida e’tibor qaratildi.


Shuningdek, adliya organlarining qonunchilik hujjatlarini maqbullashtirish, umumiy tusdagi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini oshirish, ko‘rsatilgan davlat xizmatlari va advokatlar sonini sezilarli ko‘paytirishga erishish, sud ekspertizasining yangi turlarini joriy etish kabilar deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Yig‘ilishda vazirlik tomonidan rivojlantirish dasturlari va maqsadli indikatorlariga erishish uchun rejalashtirilgan mablag‘iga nisbatan ko‘p mablag‘ ajratilganiga e’tibor qaratildi. Bu qo‘shimcha mablag‘larning manbalari hamda ajratilish sabablari tahlil qilindi.
M.Komilova, O‘zA