Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligida matbuot anjumani o‘tkazildi
16:52 / 2025-08-01

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida 2025 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari A.Prenov o‘tgan 6 oy davomida qilingan ishlar bo‘yicha batafsil ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, vazirlik, uning shahar va tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 ming 125 ta murojaat kelib tushib, shundan 1 ming 700 tasi qanoatlantirilgan. Sudlarga 4 milliard 17 million so‘mdan ortiq 579 ta da’vo ariza kiritilib, fuqarolarning huquqlari  tiklanishiga erishilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasida idoralar va tashkilotlar tomonidan 24 ming 153 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 561 ta taqdimnoma, 106 ta ogohnoma kiritildi. 354 ta davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazilib, mansabdor va mas’ul xodimlardan 346 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.  

Taqdimnomalarga asosan, fuqarolarning 17 milliard 451 million so‘mlik mablag‘i qaytarilib, to‘lab berildi.

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 507 ming 141 ta hujjat loyihasi kelib tushib, shundan 502 ming 50 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy, 571 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiq emasligi uchun salbiy xulosa berildi. Shuningdek, 2 ming 590 ta hujjatda xato va kamchilik mavjudligi sababli, qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarilgan.

Respublikadagi davlat xizmatlari markazlari va ularning olis hududlarda joylashgan 8 ta filiali tomonidan aholiga 548 mingdan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 41 mingdan ortig‘i sayyor tartibda, shahar va tuman markazlaridan olis hududlarga borgan holda ko‘rsatilgan. Shu jumladan, 5 ming 275 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida 30 ming 176 ta dalolatnoma yozuvi rasmiylashtirilgan. Arxivlarda qog‘oz ko‘rinishida saqlanayotgan 3 million 700 mingdan ortiq dalolatnoma yozuvi "FHDYOning yagona elektron arxivi" axborot tizimiga kiritilib, bartaraf etilishi ta’minlandi.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri