Adliya vazirligi tomonidan “Oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari” hisobga olindi.
Mazkur hujjat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hujjatda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi savdo korxonalarining joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, shuningdek, xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga oid talablar belgilangan.
Ushbu hujjat bilan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan oziq-ovqat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish mumkin emasligi, savdo korxonasi qurilishi uchun yer tanlash Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bilan kelishilgan bo‘lishi kabilar) bekor qilindi.
Yangi tahrirdagi hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi:
– Savdo korxonalarini suv bilan ta’minlash uchun markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv ta’minotiga ulangan bo‘lishi, bunda markazlashtirilgan suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan taqdirda, mustaqil suv ta’minoti tizimi qurilgan bo‘lishi darkor;
– Oziq-ovqat va ularning tarkibiy qismlari, shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalarni (tozalash vositalari, moylash materiallari, yoqilg‘ilar) saqlash uchun alohida sharoit (quruq va tabiiy yoki sun’iy ventilyatsiyasi mavjud xona) yaratilgan xonalar bo‘lishi zarur;
– Qadoqlash uchun ishlatiladigan bir marotabalik idishlar inson salomatligi uchun xavfsiz materiallardan (plastik, kartonli, qog‘oz) tayyorlangan, toza va quruq bo‘lishi kerak.
Shu bilan birga, xavf-xatarning oldini olish maqsadida ishchi xodimlarda ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati bo‘lganda, jarohatni plastir bilan berkitish lozim.
Shuningdek, xodimlar quyidagi hollarda qo‘llarni suyuq sovun bilan yuvishi va dezinfeksiya qilishi talab etiladi:
Ish boshlashdan oldin, ishdagi har bir tanaffusdan keyin, bir jarayondan ikkinchisiga o‘tishda, ifloslangan narsalarga qo‘l orqali tegilgandan keyin, hojatdan oldin va keyin ikki marta, toza maxsus kiyim (poyabzal bilan birgalikda) kiyishdan va ish boshlashdan oldin.
N.Abduraimova,
O‘zA