Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha adliya organlari va muassasalarining faoliyatini takomillashtirish sohasida joriy yil o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lumot berdi:
Bu yo‘nalishda o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarning oldini olish yuzasidan elektron tizimlarni takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, HR menejment tizimida xodimning ta’tilga chiqish buyrug‘ini rasmiylashtirish jarayonida xizmat ko‘rsatish tizimlariga kirishga cheklov o‘rnatilgani tasdig‘ini kiritish borasida taklif berilib, amalda elektron tizimlarni integratsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Adliya vazirligi tizimi faoliyatidagi funksiyalar baholanib, vazirlik tizimida 419 korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlangan va 2024 yil 22 mayda Adliya vazirligi faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi tasdiqlangan hamda ushbu xavf-xatarlarning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan 83 banddan iborat Adliya vazirligi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi tasdiqlandi.
Vazirlik tizimidagi 5 ta adliya organi va muassasasi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishi bo‘yicha komplayens tekshiruvi o‘tkazildi. Aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida tuzilmalarda xizmat ko‘rsatish ahvoli yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib, qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanilishi ta’minlandi.
Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 50 nafar xodimga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik borasida 160 nafarga yaqin xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Adliya organlari va muassasalarining vakant lavozimlariga topshirgan nomzodlar hujjatlarini kompleks o‘rganishda tizimda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va muammolar yuzasidan barcha hududiy adliya organlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Hududiy adliya organlari va muassasalariga tanlov asosida vakant lavozimlarga hujjat topshirgan 4 ming 640 nafar nomzod bo‘yicha kompleks tekshirishlar o‘tkazildi.
Adliya vazirligiga o‘tgan davr davomida aloqa kanallari orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining nojo‘ya xatti-harakatlari yuzasidan jami 120 dan ortiq murojaat va xabarlar kelib tushgan.
Mazkur murojaatlar va xabarlarni o‘rganib chiqish natijasida 6 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, jumladan, 3 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan, shuningdek, 48 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida o‘quv materiallar takomillashtirildi.
Huquqni qo‘llash amaliyotida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Qonun qabul qilingan kundan 6 oy o‘tgach ko‘chga kiradi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni Adliya vazirligi tizimida ijrosini ta’minlash yuzasidan ishchi guruh tashkil etildi va uni zaruriy o‘rganish tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur qonun bilan belgilangan talablarni o‘z tizimida joriy etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 100 ga yaqin davlat organi va tashkilotlariga uslubiy-metodik va amaliy yordam berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA