English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi taqdimnomasi bilan Prezident qarori ijrosi ta’minlandi
06:50 / 2021-06-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Qarorning 11-bandiga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari uchun mehnatga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etilguniga qadar Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlari uchun davlat byudjetidan ushbu xarajatlar uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirishning bir qator turlarini joriy etish belgilangan.

Qarorning 12-bandida Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab davlat byudjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ko‘zda tutishi belgilangan.

Biroq Madaniyat va Moliya vazirliklari tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi oqibatida joriy yilning 20 aprel kuniga qadar Madaniyat vazirligi, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlariga moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmagan. Ya’ni qarorning  11-12-bandlari ijrosi ta’minlanmagan.

Ushbu holat madaniyat bo‘limlari xodimlari M.M. va A.Z.ning Adliya vazirligiga moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlarini o‘rganish asnosida aniqlangan.  

Mazkur holatlar yuzasidan Adliya vazirligi Prezident qarorining 11-12-banlari ijrosini ta’minlash haqida Madaniyat va Moliya vazirliklariga 2021 yil 23 aprelda taqdimnoma kiritgan.  

Mazkur taqdimnoma ko‘rib chiqilib, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 45 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi tayyorlanib, hukumatga kiritildi.

Natijada Vazirlar Mahkamasining  farmoyishiga asosan Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga Moliya vazirligi tomonidan 45 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Adliya vazirligining aralashuvi bilan madaniyat xodimlarining rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lab berish bilan bog‘liq masala ijobiy hal etildi.

 

O‘zA