Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi rahbariyati Konstitutsiya bo‘yicha ochiq dars o‘tkazdi
09:52 / 2023-12-04

Poytaxtimizning 77-son ko‘zi ojizlar maktabida Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.

Ochiq dars yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlandi.  

Tadbirda dunyoda imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, turli sohada yuksak marralarni zabt etgan insonlar ko‘p ekanligi ta’kidlandi. Ular orasida sportchilar, mashhur san’atkor, hatto siyosiy yetakchi bo‘lgan shaxslar ham ko‘pchilikni tashkil etishi hamda ularning yutuqlari asosi – ichki olam go‘zalligida, qalb va ruh salomatligida ekanligi qayd etildi.  

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim huquqi kafolatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 50-moddada ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi, degan muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi norma mustahkamlab qo‘yildi.  

2020–2025 yillarda ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq bunday ta’lim ixtisoslashtirilgan maktablar va birinchi marotaba umumiy o‘rta maktablarida tashkil etiladi.  

Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar faqatgina ixtisoslashgan maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishining yo‘lga qo‘yilishi inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir. Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan 21 ming 231 dan ortiq bola uchun respublikamizda 90 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda.  

Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim va tarbiya ularning jismoniy va aqliy rivojlanishini hisobga olgan holda tashkil etilmoqda. Ta’lim olish jarayonida ularni biror-bir shaklda kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqi to‘liq amalga oshirilishi ta’minlanadi.  

Adliya vazirligi tomonidan imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida “Maftunkor ranglar jilosi”, “Biz birgamiz”, “Mehr ulash” kabi aksiyalar muntazam o‘tkazib borilishi qayd etib o‘tildi.  

Ochiq dars yakunida esa “Konstitutsiya haftaligi” doirasida maktab o‘quvchilari uchun yaratilgan Brayl alifbosidagi Konstitutsiya va Konstitutsiyaning audio shakli joylashtirilgan disklar tuhfa qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA