Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘yayotganlarni ogohlantirdi
17:00 / 2022-07-13

Byurokratiya va qog‘ozbozlikni qisqartirish maqsadida aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilingan.

Ushbu hujjat va ma’lumotlarni davlat organlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish amaliyoti joriy etildi.  

Natijada 15 milliondan ortiq aholini turli idoralarga borish va kutish bilan bog‘liq ovoragarchiligiga chek qo‘yildi. Ularning ushbu idoralarga borish-kelish bilan bog‘liq 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i tejalishiga erishildi. 

Prezidentimizning 2021 yil 23 martdagi “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, Xalq ta’limi vazirligiga hamda tizimdagi ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga 2021 yil may oyiga qadar ta’lim muassasalarini tugatganda yoki o‘qishni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirganda “aylanma varaqa”ni to‘ldirish amaliyotini bekor qilish tartibini joriy etish ko‘rsatilgan.  

Farmonda yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021 yil 31 maydagi 241-son buyrug‘i qabul qilingan. 

Buyruq bilan barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab talabalar ta’lim muassasasini tugatganda yoki o‘qishini ko‘chirganda ta’lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to‘g‘risidagi “aylanma varaqa”ni to‘ldirish amaliyoti bekor qilingani va zaruratga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “HEMIS” axborot tizimida tashkil etilgan “aylanma varaqa” moduli asosida elektron shaklda amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan.

Biroq, o‘tkazilgan tahlillar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan maqolalar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan Prezident farmonida belgilangan talablar bajarilmayotgani, aholidan ortiqcha va asossiz hujjatlar talab qilinayotganini ko‘rsatdi. 

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Oliy ta’lim muassasalarining talabalardan “aylanma varaqa”ni barchadan birdek “qog‘oz shaklda” to‘ldirib kelishni talab qilishi noto‘g‘ri va farmon talablariga nomuvofiq hisoblanadi.  

Adliya vazirligi tomonidan mazkur holatlar tahlil qilinib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Prezidentning farmonida belgilangan talablar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan bajarilmayotganini ko‘rsatib, qisqa muddatda farmon ijrosini so‘zsiz ta’minlash choralarini ko‘rish, bu bo‘yicha barcha oliy ta’lim muassasalariga ko‘rsatmalar kiritish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilmoqda. 

Adliya vazirligi barcha oliy ta’lim muassasalarini hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka chaqirdi.  

Qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan “aylanma varaqa”ni qog‘oz shaklda to‘ldirishni talab qilmaslik, farmonda belgilangan talablar ijrosini so‘zsiz ta’minlash zarur. Aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo‘l qo‘yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqaradi.  

N.Abduraimova,O‘zA