Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi ochiqlik va shaffoflikka qanday erishmoqda?
16:13 / 2019-10-29

Hozirgi kunda davlat organlarining axborot jihatidan ochiqligi demokratik jamiyatning ustuvor jihati, davlat organlari tomonidan qarorlarning qabul qilinishi va ijrosiga konstruktiv ta’sir usuli hisoblanadi.


Hozirgi kunda davlat organlarining axborot jihatidan ochiqligi demokratik jamiyatning ustuvor jihati, davlat organlari tomonidan qarorlarning qabul qilinishi va ijrosiga konstruktiv ta’sir usuli hisoblanadi.

“Harakatlar strategiyasi”da davlat apparati faoliyati ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tegishli axborotni taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy etish davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayonining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab qo‘yilgan. Amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida hokimiyatning barcha darajalarida tatbiq etilayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya mujassam.

Ochiqlik o‘zi nima?

Ijrochilarning fikricha, ochiqlik – bu hokimiyat organi rejalari, natijalari va joriy faoliyatiga doir tezkor ma’lumotlarni olish imkoniyati, me’yoriy-huquqiy bazaning ochiqligidir.

Biznes-hamjamiyat vakillari uchun esa – bu kelib tushgan murojaatlarga tezkor javob berish va ularning joriy faoliyatdagi hisobini yuritish, tanlov tartib-taomillarining ochiqligi va xolisligidir. Ekspertlar hamjamiyati uchun – bu matbuot xizmatlari faoliyati, jamoat kengashlari bilan o‘zaro aloqa, murojaatlar bilan ishlash haqida ma’lumot berishdir.

Umuman olganda, ochiq davlat uchta asosiy tamoyil asosida shakllanadi: bu odamlarga davlat organlari faoliyatiga doir sifatli, tushunarli va xolis ma’lumotni taqdim etish. Ularni davlat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qilish va jamoat nazoratini amaliyotga joriy etishdir.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotdan foydalanishining huquqiy kafolatlari, davlat organlarining jamiyat bilan axborot sohasidagi o‘zaro aloqasining aniq mexanizmlarini belgilab berdi. Ma’lumki, bir yilda ikki marta davlat organlarining ochiqlik borasidagi reytingi chop etiladi. Adliya vazirligi o‘tgan yilning 1 iyul holatiga birinchi qatordan mustahkam o‘rin oldi.

Ekspertlarning fikricha, bunga to‘liq asos bor. So‘nggi yil davomida Adliya vazirligining aholi, OAV bilan o‘zaro aloqa tizimi sezilarli ravishda o‘zgardi. “Ishonch telefon“lari faoliyat ko‘rsatmoqda, ko‘p tarmoqli Call-sentr xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1008 qisqa raqami orqali fuqarolar yurtimizning turli burchaklaridan murojaat yo‘llashi mumkin. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Adliya vazirligiga inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida 28 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 20 ming 676 tasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, 13 mingdan ortig‘i (66 foiz) qanoatlantirilgan.

Vazirlik mutaxassislarining aholini qiynayotgan va adliya organlari aralashuvidan so‘ng qonuniy hal qilingan masalalar bo‘yicha bosma va internet-nashrlar, televidenie hamda radioda 25 mingdan ziyod chiqishi tashkil etildi. Fuqarolarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish, ularga o‘z vaqtida oylik maoshi to‘lanmasligi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, fermer va tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash shular jumlasidandir.

Virtual muloqot

Ish faoliyatida axborot texnologiyalarining qo‘llanilishi bilan odamlar va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tizimi kuchayib bormoqda. Uchrashuvlarning “yuzma-yuz” formati onlayn-munozaralar va internet-muloqot orqali to‘ldirilmoqda. Bu keng doiradagi masalalar bo‘yicha aloqaning eng tezkor vositalaridan biridir. Adliya vazirligida zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Shu tariqa Adliya vazirligining rasmiy veb-sayti orqali tarmoq foydalanuvchilari adliya organlari va muassasalari faoliyati yo‘nalishlariga doir ma’lumotlarni olmoqda. Telegram messenjeridagi “Huquqiy axborot” (“Pravovaya informatsiya”) kanallari 190 ming nafardan ortiq a’zoga ega. Unda har kuni qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga oid axborot joylashtirib boriladi.

Adliya organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, Adliya vazirligini ularning faoliyatidagi xatoliklar va kamchiliklar xususida tezkor ravishda xabardor qilish maqsadida Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiey” sahifasi ochilgan. O‘tgan yil davomida mazkur kanallar orqali besh mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Fuqarolarga javoblar qaytarilgan va huquqiy maslahatlar berilgan. Bunday sahifalar boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham bor.

“Ochiq adliya” (“Open Justice”)

“Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dasturi yana bir yangiliklardan biridir. Uning ahamiyati o‘z faoliyatining maksimal darajadagi ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tizimda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha samarali mexanizmni joriy qilish, jamoatchilikni vazirlik faoliyatidan xabardor qilishga qaratilgan. Aholining huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Open Justice” (“Ochiq adliya”) dasturi ishlab chiqildi va ishga tushirildi.

Dasturning ahamiyati nimada? Tasvirga olish va yozib olish mumkin. Adliya vazirligi jamoatchilikni ehtimoliy korrupsiya xatarlari va ko‘rinishlari, xodimlar tomonidan vakolatlarning suiiste’mol qilinishi yoki harakatsizlikni aniqlashga chaqiradi. Shu maqsadda fuqarolar tomonidan adliya organlari va muassasalarida audio va videotasvir vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.

Hujjat loyihasini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilish. Ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatda katta rezonansga sabab bo‘layotgan qonunchilik hujjatlari loyihalari bo‘yicha huquqiy ekspertiza xulosalari ham joylashtirib boriladi.

Murojaat yo‘llash oson. Murojaat yo‘llash tartibi soddalashtirildi. Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlariga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borishi mumkin. Adliya organlari xodimlarining harakatlari va harakatsizligi yuzasidan kelib tushgan asosli shikoyatlar haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

“Open Space”: o‘zaro nazorat. Vazirlik binodagi xonalar joylashuvini ham qayta ko‘rib chiqdi. Xodimlar bir-birlarini hech qanday to‘siqsiz kuzatishi mumkin bo‘lgan keng joylarda joylashtirilmoqda. Vazirlikka kelgan fuqarolar, shuningdek, har bir xodim nima bilan shug‘ullanayotganini ko‘rishi mumkin. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, endi hatto devorlar va eshiklar ham shaffoflikni ta’minlaydi. Mazkur usul korrupsiya holatlarining oldini oladi.

Ochiq eshiklar kuni. Yiliga kamida ikki marta Adliya vazirligi markaziy apparati, Davlat xizmatlari agentligi, adliya organlari va muassasalarida Ochiq eshiklar kuni o‘tkaziladi.

Shaffof budjet. Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalari moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.

Adliya hisobot beradi. 2018 yil yakuniga ko‘ra Adliya vazirligi ochiq foydalanishdagi “Adliya hisobot beradi” maxsus risolasini tayyorlab, joylashtirdi. Endilikda mazkur hisobot an’anaviy ravishda har yili taqdim etiladi.

Adliya faoliyatida xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, ularni internet tarmog‘ida real vaqt rejimida translyatsiya orqali yuqori lavozimlarga tayinlash bo‘yicha tanlovlar tashkil qilish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu kadrlar siyosati shaffofligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.

Bunday yondashuv ikki yildan beri notariuslarni vakant lavozimlarga tayinlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlar davomida qo‘llanilmoqda. Jarayon internet tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilish orqali shaffof va ochiq tarzda tashkil etilmoqda.

Davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning masofaviy shakllari keng joriy etilayotir. Shu tariqa, 2018 yilning 1 fevralidan notarial xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron mobil ilovalar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ldi. Bu holda to‘lov kvitansiyalari avtomatik ravishda shakllantirilib, billing tizimi orqali beriladi. Joriy yilning 1 iyunidan esa notariuslar faoliyatida SMS-xabar elektron tizimi joriy etildi.

Vazirlikning Hay’at yig‘ilishi doimo videokonferensaloqa formatida ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik ishtirokida o‘tkazib kelinmoqda. Ochiq hay’at yig‘ilishlarini o‘tkazish rejalari, jumladan, yig‘ilishlar kun tartibi loyihalari, ularni o‘tkazish sanasi, joyi va vaqti, ularda ishtirok etish tartibiga doir ma’lumotlar doimiy ravishda rasmiy veb-saytda joylashtirib boriladi.

Adliya vazirligida jamoat nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashning muhim omillaridan ekanini yaxshi anglashadi. Bu, shuningdek, fuqarolarning davlat organlariga ishonchining muhim mezonlaridan biri sanaladi.

Sevara O‘RINBOEVA,
Adliya vazirligi jamoatchilik bilan
aloqalar bo‘limi boshlig‘i.