Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi ijro intizomi va nazoratini qanday ta’minlamoqda?
12:50 / 2024-03-14

Davlatimiz rahbarining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoniga asosan Adliya vazirligiga qonunlar, Prezident farmon, qaror va farmoyishlari hamda topshiriqlari ijrosini tashkil etish va nazorat qilish bilan bog‘liq vazifalar yuklangan.

Bu vazifalar qanday bajarilayotgani haqida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lumot berdi:  

– Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, mazmun-mohiyatini tushuntirish, to‘liq va sifatli ijro etilishini tashkil etishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan huquqiy-uslubiy qo‘llanma barcha uchun tushunarli bo‘lgan va sodda tilda tayyorlandi hamda barcha davlat organi va tashkilot rahbarining kundalik foydalanishi uchun yuborildi.

Joylarda farmonning mazmun-mohiyatini hamda undan ko‘zlangan maqsadlarni “mahallabay” tamoyili asosida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda press-reliz, infografika, maxsus videodarslar, slayd va boshqa vizual tanishtiruv vositalari orqali keng yetkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Topshiriqlar ijrosini bajarishda yuzaga kelayotgan muammolarni hamkorlikda hal qilish, mas’ul ijrochilarga huquqiy-uslubiy jihatdan ko‘maklashish maqsadida har hafta payshanba va juma kunlari Adliya vazirligida vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashish, ular bilan “jonli muloqot” o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.  

Bunday muloqotlar muammoli masalalarni hal etishda ijobiy samara bermoqda. Natijada o‘z yechimini kutayotgan aksariyat topshiriqlar belgilangan tartibda nazoratdan yechilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi rolini oshirish uchun o‘quv-amaliy seminar va stajirovkalar tashkil etilmoqda.

Xususan, vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar va mutaxassislarining bilim va tajribasini muntazam oshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasi hamda Adliya vazirligining tegishli boshqarmalarida stajirovka o‘tash amaliyoti joriy etildi. Xususan, 2023-yilda vazirlik va idoralarning 594 nafar rahbar va mutaxassislari stajirovka o‘tadi.  

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining 332 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari apparatlarining 54 nafar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining 208 nafar ijro intizomiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalarining mutaxassislari stajirovkadan o‘tkazildi.

O‘tgan yilning mart oyidan boshlab Yuristlar malakasini oshirish markazida davlat organlari va tashkilotlarining ijro nazorati bo‘linmalari xodimlarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari ijro holati, erishilayotgan ijobiy natijalar hamda sohadagi ayrim kamchiliklarni xalqchil tarzda ochib berishga mo‘ljallangan “Alohida nazorat” hamda “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” ko‘rsatuvlari tayyorlanib, teleefirga uzatilmoqa.  

Muntazam ravishda davlat organlari va tashkilotlarining hujjatlar ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyatini jamoatchilik nazorati vositalaridan keng foydalangan holda “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ishtirokida yoritish va muhokama qilish ishlari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan topshiriqlarning ijrosini barvaqt tashkil etish bilan bog‘liq masalalar tahlil qilib borilmoqda. Bunda topshiriqlarning ijrosi bevosita joyiga chiqqan holda monitoring qilish, manzilli va tematik o‘rganishlar orqali ham nazorat qilib borilmoqda.

Tahlil jarayonida topshiriqlar ijro etilishi bo‘yicha ma’lumotlarga xolis baho berish maqsadida quyidagi mezonlar belgilab olingan: qonuniylik, dolzarblik, to‘liqlik, haqqoniylik, mas’uliyatlilik.  

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil davomida 267 ta Prezident hujjatlaridagi topshiriqlar ijrosi monitoring qilindi, 30 dan ortiq tashkilotlarda 250 ga yaqin Prezident hujjatlaridagi 6,3 ming dan ortiq topshiriqlar ijrosi bevosita o‘rganildi.

Nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 43 taqdimnoma kiritildi hamda ijro intizomi buzilishiga yo‘l qo‘ygan 77 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA