2024 yil 24 may kuni “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonda Adliya vazirligining qo‘shimcha yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Endilikda mazkur tuzilma aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarini aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi. Fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatadi. Davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda uslubiy yordam ko‘rsatadi.
Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda gap bordi.
[gallery-17580]
Adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatilayotgani qayd etildi. Adliya bo‘limlari aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazadi.
Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatib boriladi. Uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqiladi.
“Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolar hal etib boriladi. Aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishi ta’minlanadi va ularga huquqiy tushuntirishlar beriladi.
Yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilib boriladi. Tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatiladi.
Tadbirda farmonning shu va boshqa jihatlari, ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA