Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi fuqarolarning 15 mingdan ortiq murojaatini qanoatlantirdi
19:40 / 2021-06-10

Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi «Fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga o‘z vaqtida va to‘liq javob berishning ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning 1-choragi davomida adliya organlari va muassasalariga jami 32 ming 614 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 17 ming 473 tasini ariza, 15 ming 54 tasini shikoyat, 87 tasini takliflar tashkil etgan.

Mazkur murojaatlarning 15 ming 140 tasi qanoatlantirilgan va fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangan, 9 ming 890 tasi yuzasidan tushuntirish berilgan, 131 tasi esa rad etilgan.

– Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni sohalar bo‘yicha tahlil qilganimizda, murojaatlarning aksariyati mehnat munosabatlari, oilaviy munosabatlar, uy-joy, yer, nafaqa puli, bola puli, yer olish bilan bog‘liq masalalar, ish huquqidan iborat ekanligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Adliya vazirligi Murojaatlar bo‘yicha ishlash bo‘limi boshlig‘i Islomjon Abdurahimov. 

– Adliya vazirining 2018 yildagi buyrug‘i bilan vazirlikda “Call center” tashkil qilingan bo‘lib, 2021 yilning 1-choragi davomida vazirlikning 1008 «Ishonch telefoni» orqali 3 ming 323 ta murojaat kelib tushgan, ularning 396 tasi qanoatlantirilgan va 1089 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Maqsadimiz har bir fuqaro murojaatiga yechim topishdan iborat. Bundan tashqari, haftaning juma kuni adliya vazirining qabuli bo‘ladi. Unda fuqarolar vazirga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qiladi.

Anjumanda «Madad» muassasa shaklidagi nodavlat-notijorat tashkiloti faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Madad» NNTning Huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar berish bo‘limiga “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali orqali 2019 yilning sentyabr oyidan 2021 yilning 31 may kuniga qadar jami 96 ming 881 ta huquqiy masalalardagi onlayn murojaat kelib tushgan. Ushbu savollarning barchasiga konsultantlar tomonidan onlayn rejimida javoblar yuborilgan. 60 ta hududiy byuro tomonidan 120 mingga yaqin (118623) savol yuzasidan huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan.

Matbuot anjumanida malakali mutaxassislar fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga javob berishning qonuniy tartib va talablari bo‘yicha tushuntirish berib o‘tdi.

Jismoniy va yuridik shaxslar Adliya vazirligiga bevosita kelib, 1008 «Ishonch telefoni», info@adliya.uz elektron pochta manzili, joylarda tashkil etiladigan sayyor qabullar, vazirlik rahbariyati shaxsiy qabullarida, vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va telegramm bot orqali murojaat qilishlari mumkin.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA