Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi: davlat tashkilotlarining 135,2 mingta noqonuniy hujjati bekor qilindi
15:10 / 2024-02-03

Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tgan yilda 186 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, 2 ming 379 qonun hujjati loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Fuqarolardan kelib tushgan 118,4 ming murojaatning 84 foizi qonuniy hal qilindi.  

Monitoring va o‘rganishlarda aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan kiritilgan ta’sir choralari natijasida davlat tashkilotlarining 135,2 mingta noqonuniy hujjati bekor qilinib, 4,1 ming nafar aybdor shaxs intizomiy va 5,3 ming nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.  

Bu raqamlar Adliya vazirligining 2023 yil yakunlariga bag‘ishlangan hay’at majlisida qayd etildi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisni adliya vaziri A.Toshqulov boshqardi va unda adliya organlari va muassasalarining rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

2023 yil davomida adliya organlari va muassasalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar muhokamasi jarayonida sudlar tomonidan 545,1 milliard so‘mlik da’vo arizalari qanoatlantirilgani ta’kidlandi.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha 375 mingdan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish markazlari tomonidan 13,2 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bosqichlari soddalashtirilishi natijasida o‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqti 10 daqiqani tashkil etmoqda.

Yuridik xizmat markazlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining 7,6 milliondan ziyod yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki baravarga ko‘p hujjat loyihalari bo‘yicha huquqiy xulosalar berildi.

Shu bilan birga, sohada ayrim muammolar mavjudligi, jumladan, murojaatlar bilan ishlashda ayrim rahbarlarning qat’iyatsizligi va huquqni qo‘llash sohasidagi muammolarni hal etishda tizimli yondashuvda kamchiliklar mavjudligi ta’kidlanib, ularni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilish yakunida adliya vaziri tomonidan bir qator vazifalar belgilab berildi.  

N.Abduraimova, O‘zA