Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar haqida Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva quyidagilarni ma’lum qildi:
– Joriy yil 15 noyabr kuni Hukumatning 601-son qarori bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Qarorga asosan, endilikda fuqarolar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llash bo‘yicha onlayn ariza berishi mumkin.
Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)dan ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni xato va kamchiliklarsiz to‘ldirilgani tekshiriladi va bank karta rekvizitlari ko‘rsatiladi.
So‘rovnomani ko‘rib chiqqanlik uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi. So‘rovnomaga asosan vakolatli organ so‘rovnoma tushgan kundan boshlab 5 ish kunida ariza beruvchiga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llanilgan yoki qo‘llanilmagani haqida QR-kod qo‘yilgan xabarnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizachining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llanilgani to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik qo‘mitasi 15 kun ichida to‘lovlarni amalga oshiradi.
Fuqarolarning Xalq bankidagi ixtiyoriy ravishda shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlariga nisbatan ushbu imtiyoz qo‘llaniladi. Ko‘rsatilgan davlat xizmati uchun to‘lov undirilmaydi.
Yana bir yangilik shuki, 2023 yil 20 oktyabrdagi “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga asosan endilikda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani hamda tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnomani olish uchun onlayn buyurtma berish imkoni yaratildi.
Buning uchun my.gov.uz orqali tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani hamda tug‘ilganlik haqidagi takroriy guvohnomani olish bo‘yicha xizmat tanlanadi va buyurtma beriladi.
Buyurtmada farzandingizga tegishli ma’lumotlar to‘ldiriladi. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani yetkazib beriladigan manzil ko‘rsatiladi. So‘nggi qadamda invoys shakllanadi va to‘lov amalga oshiriladi.
Kelib tushgan buyurtma bir ish kunida ko‘rib chiqilib, FHDYO xodimi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma chop etiladi va pochta xizmatiga taqdim etiladi.
Tayyor bo‘lgan guvohnoma yoki takroriy guvohnoma pochta xizmati tomonidan ko‘rsatilingan manzilga bir ish kunida yetkaziladi.
N.Abduraimova,
O‘zA