Adliya vazirligi o‘z faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida “SMS SYSTEMS” konsalting kompaniyasi bilan birgalikda axborot xavfsizligi menejment tizimini ISO/IEC 27001:2013 xalqaro standarti talablari asosida joriy qildi.
Mazkur xalqaro standart sertifikati xalqaro akkreditatsiyaga ega IAF-United registrar of sistem kompaniyasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, shuningdek, “SMS SYSTEMS” konsalting kompaniyasi ishtirokida Adliya vazirligiga tantanali ravishda topshirildi.
ISO/IEC 27001 — Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va Xalqaro elektrotexnika komissiyasi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan xalqaro axborot xavfsizligi standartidir.
Bunday sertifikatlash ishonchni oshirish uchun foydali vosita. Ya’ni, bunday sertifikatni olgan tashkilot faoliyati, u bergan va tarqatayotgan ma’lumot, axborotlar xalqaro hamda mahalliy darajada, shubhasiz, ishonchli sanaladi.
Aytib o‘tish kerakki, xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruv tizimini joriy etish natijasida xodimlar o‘rtasida axborotni muhofaza qilish hamda ma’lumot olishda ortiqcha vaqt sarflanishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, axborot xavfsizligi menejment tizimining joriy qilinishi tizimlarning ishdan chiqishi, noto‘g‘ri foydalanishdan himoya qilish yoki xavfni kamaytirishga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifati oshadi, axborot maxfiyligi va ishonchliligi oshadi.
Davlat organining ISO/IEC 27001:2013 sertifikatiga ega bo‘lishi mamlakat fuqarolari bilan o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Adliya vazirligi davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali bevosita fuqarolarga har kuni har joyda kerak bo‘ladigan hujjatlar bilan ishlamoqda.
Bu o‘rinda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, ularning xavfsizligini ta’minlash masalasi juda muhim. Fuqarolarga berilayotgan ERI kaliti, tug‘ilganlik, nikoh va boshqa bir qator hujjatlardagi ma’lumotlar saqlanadigan elektron baza har jihatdan xavfsiz, himoyalangan, tahdidlardan xoli bo‘lishi kerak.
Hozirda fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq hujjat berish jarayonlari raqamlashtirilgani bois ham axborot xavfsizligi masalasi har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Endilikda vazirlikning axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.
N.Abduraimova, O‘zA