Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi: Aholining yer va uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilishiga chek qo‘yish zarur
16:19 / 2021-04-09

Mulk huquqini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan qat’iy choralarga qaramasdan aholining yer va uy-joyga bo‘lgan huquqlari buzilishi hamon uchrab turibdi. Adliya vazirligiga kelayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatgan.

Joriy yilning I choragida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan 50 ga yaqin shikoyat tushgan. Ularda qonun normalarini o‘xshashlik asosida qo‘llab, investitsiya loyihalari bo‘yicha fuqarolar xususiy uy-joylaridan majburiy ko‘chirilishi, uy-joy qurilgan yerlarni belgilangan tartibda yerga bo‘lgan huquqlar bekor qilinmasdan turib bu yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘p qavatli uylar qurish uchun berilishi yoki “rezerv” qilinishi, mulkdorning yeri unga teng bo‘lgan yer uchastkasi berilmasdan olib qo‘yilishi, dehqon va fermer xo‘jaliklari egalarining yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmasdan ushbu yerlarni boshqa shaxslarga berib yuborilishi kabi holatlar bayon etilgan.  

Adliya vazirligi yuqoridagilarning har biriga huquqiy baho bergan holda yagona davlat huquqiy siyosatini yuritishga mas’ul organ sifatida ushbu salbiy holatlarga qat’iy munosabat bildirdi:  

1. Qonun normalarini o‘xshashlik asosida qo‘llab, investitsiya loyihalari bo‘yicha fuqarolarning xususiy uy-joylaridan majburiy ko‘chirilishi, uy-joy qurilgan yerlarni belgilangan tartibda yerga bo‘lgan huquqlar bekor qilinmasdan turib bu yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘p qavatli uylar qurish uchun berilishi yoki “rezerv” qilinishi masalalari Uy-joy kodeksining 70 va 71-moddalarida davlat uy-joy fondi (munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi)da  yashab turgan shaxslarni turar joydan ko‘chirishga doir qoidalar belgilangan.

Bunda, davlat uy-joy fondining uylaridagi egallab turilgan turar joydan ko‘chirishga quyidagi asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi:

– agar turar joy joylashgan uy buzilishi kerak bo‘lsa;

– turar joy belgilangan tartibda avariya holatida yoki yashash uchun yaroqsiz deb topilgan bo‘lsa;

– turar joy yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga o‘tkazilayotgan bo‘lsa.

Ko‘chirish sud tartibida amalga oshiriladi. Bu holatda ko‘chmas mulk egasi davlat hisoblanganligi sababli u o‘z mulkini erkin tasarruf etish huquqiga egadir.

Fuqarolar mulki bo‘lgan uy-joy fondidagi uy-joylar esa xususiy mulk hisoblanadi va u Konstitutsiyaning 53-moddasiga muvofiq boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir.  

Shu sababli fuqarolar mulki bo‘lgan uy-joy fondidagi uy-joylardan mulkdorni Uy-joy kodeksining 70-71-moddalari asosida ko‘chirilishiga yetarli asoslar mavjud emas.  

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 5-moddasida fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarni o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkni olib qo‘yish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek, bunday olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘la qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi.

Shu bois, fuqarolarning xususiy uy-joylarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish Uy-joy kodeksining 27-30-moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarorida belgilangan qat’iy talablar asosida tegishli zararlar qoplangach amalga oshirilishi lozim.

Shu bilan birga, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida yer uchastkalari bir jismoniy va yuridik shaxsdan ikkinchi shaxsga berilganligi davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi.

Yer kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqat quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

– mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;

– O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

– foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib olish;

– avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’ektlarini va aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’ektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika tizimi ob’ektlarini va elektr uzatish tarmoqlarini, aloqa tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’ektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

– aholi punktlari bosh rejalarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ob’ektlarni qurishga oid qismini ijro etish maqsadida, shuningdek, qonunlarda va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining 1993/77-son rezolyutsiyasiga asosan, majburiy ko‘chirish amaliyoti inson huquqlari, xususan, yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqining jiddiy buzilishi sifatida ko‘rsatilgan.

Yer kodeksi talablariga muvofiq, yer uchastkalarini tadbirkorlik sub’ektlari uchun ularning manfaatlari yo‘lida olib qo‘yish davlat va jamoat ehtiyoji hisoblanmaydi va bunday yondashuv huquqiy asosga ega emas.

2. Mulkdorning yerini unga teng bo‘lgan yer uchastkasini yoki shunga mutanosib kompensatsiya bermasdan olib qo‘yish masalalari bo‘yicha:

Yer qonunchiligiga asosan yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi va uy-joylar buzib tashlanishi natijasida quyidagi zararlar qoplab beriladi:

– olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymati;

– olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati;

– ko‘chirish, shu jumladan, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini vaqtinchalik olish bilan bog‘liq xarajatlar;

– jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;

– qonun hujjatlarida yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.

Bunda, kompensatsiya pul mablag‘i, boshqa ko‘chmas mulk ob’ektini mulk qilib berish, yer uchastkasi, kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turlari shaklida beriladi.

Shuningdek, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan (16 m2) kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotganda unga faqatgina yer uchastkasini berish bilan kifoyalanmasdan, balki unga yerdan foydalanishning bozor qiymatidan kelib chiqib, shu jumladan, fuqaro tomonidan qilingan sarf-xarajatlarni inobatga olgan holda olib qo‘yilgan yer va berilayotgan yerning bozor qiymatidagi mavjud farq ham kompensatsiya sifatida to‘lab berilishi lozim.

3. Dehqon va fermer xo‘jaliklari egalarining yerga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmasdan ushbu yerlarni boshqa shaxslarga berib yuborilishi masalalari Yer kodeksining 23-moddasiga asosan, egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi. Mazkur munosabatlarda aynan ushbu belgilangan asoslarda va tartibga amal qilinishi shart.

Mazkur kodeksning 37 (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yish) va 38-moddasida (yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qo‘yish) davlat va jamoat ehtiyojlari uchun va yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilganda yer uchastkasini olib qo‘yish asoslari va tartibi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF–5780-son farmoniga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berilgan.

Shu bilan birgalikda xalq deputatlari kengashlarining qarorlari qonuniyligi masalasi ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqilishi va haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.

Ma’lumot uchun: Yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish qonunchilikka muvofiq ma’muriy va jinoiy javobgarliklarga sabab bo‘ladi. Barcha noqonuniy qarorlar va xatti-harakatlarga qonunan baho berilishi hamda sudlarda ko‘rib chiqilishi mumkin.