Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi: 934,8 million so‘m ish haqi undirildi
11:29 / 2022-04-06

Adliya vazirligi tomonidan “Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Aksiya doirasida 15 mart - 1 aprel kunlari davomida soha bo‘yicha adliya organlariga 2 ming 285 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 64,4 foizi qanoatlantirildi. 387 murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 21 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra vakolatli organlarga yuborildi. Qolgan murojaatlar ko‘rib chiqilmoqda. 

Murojaatlarning asosiy qismi Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo  viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. 

Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi. Jumladan, Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi Kasbi tumani adliya bo‘limi xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi ta’minlamaganini aniqlandi.  

Ya’ni “Sport targ‘ibotchisi” vazifasi yuklatilgan 23 nafar xalq ta’limi bo‘limi xodimlari lavozim maoshlariga 20 foizlik ustamalar to‘lab berilmagan. Bu holat ularning bundan noroziligiga oid murojaatlarini o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldi.  

Xodimlarga yetkazilgan zararni undirish uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudiga 117 million so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Taxiatosh tumani adliya bo‘limi tomonidan tumandagi 10-sonli umumta’lim maktabida homilador ayol ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilgan.  

Ayolning murojaatidan keyin aniqlangan qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limiga taqdimnoma va mehnat qonunchiligi talablarini buzgan mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga taklif kiritildi. 

Aksiya doirasida hududiy adliya organlari tomonidan soha xodimlarining manfaati yuzasidan 366 taqdimnoma, 643 ogohnoma, 150 ma’muriy va 2 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan taklif hamda sudlarga 1 ming 342 ta 2412,4 million so‘mlik da’vo arizalari kiritildi. 

Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida taqdimnomalarga asosan  934,8 million so‘m mablag‘ (ish haqi, ustama boshqa to‘lovlar) soha xodimlariga undirib berildi.  

Xususan, Baliqchi tumani adliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan monitoring jarayonida maktabgacha ta’lim bo‘limi tizimida ishlovchi 16 nafar xodimga homiladorlik va tug‘ish ta’tillari davrida to‘lanmagan 48,7 million so‘m davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lab berilishi ta’minlandi. 

Sharof Rashidov tumani adliya bo‘limiga 2022 yil 1 yanvar kuni navbatchilikka jalb qilingan, lekin bayram kuni uchun qo‘shimcha haq olmagan xodimlar murojaat qilgan. Shu asosda kiritilgan taqdimnomaga ko‘ra 103 nafar tibbiyot xodimiga 30 million so‘mdan ortiq  mablag‘ to‘lab berilishi ta’minlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Oliy ta’lim,  Xalq ta’limi hamda Maktabgacha ta’lim vazirliklari tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensatsiyalarning to‘lanib borishi holati ham o‘rganilmoqda. 

Aksiya davomida 300 dan ortiq monitoring o‘tkazilib, bir qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi va soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklashga erishildi. 

N.Abduraimova,  O‘zA