Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tgan yilning yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, vazirlikning asosiy vazifalaridan biri yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, norma ijodkorligi ishlarini muvofiqlashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdir. Bu borada 2025 yil davomida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslardan vazirlik, shahar va tuman adliya bo‘limlariga jami 5 ming 45 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 2 ming 779 ta murojaat qanoatlantirilib, fuqarolarning huquqi tiklandi.
Sudlarga 13 ming 161 ta da’vo ariza kiritildi. Vazirlikka kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda ularning aksariyati mehnat, uy-joy, ijtimoiy himoya, davlat xizmatlari ko‘rsatish va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohalari bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, "ijro.gov.uz" tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, hududlardagi davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan topshiriqlar ijrosi har oyda tahlildan o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga kiritilmoqda. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari va ularni bartaraf etish sohasida vazirlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida qonunchilikning to‘g‘ri tartibga solinishi ustidan doimiy ravishda monitoring olib borilmoqda. Shuning natijasida, 2025 yil davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 45 ming 633 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Ushbu qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 1 ming 217 ta taqdimnoma, 317 ta ogohlantirish kiritildi. 728 ta davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazildi. Davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor va mas’ul xodimlaridan 789 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Kiritilgan taqdimnomalar asosida fuqarolarning 23 milliard 391 million so‘m mablag‘i qaytarildi va to‘lab berildi.
O‘tgan yil davomida vazirlik xodimlari tomonidan 51 mingdan ziyod targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida yangi qabul qilingan 1 ming 237 ta normativ-huquqiy hujjat tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha hududdagi 121 ta davlat organi va tashkilotiga yetkazildi.
Shahar va tuman adliya bo‘limlari tarkibida 17 ta yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etildi. Bugungi kunda ular tomonidan 20 ta davlat idorasi va tashkilotiga, 726 ta davlat umumta’lim maktabiga, 436 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga hamda 97 ta ko‘p tarmoqli markazlashgan va oilaviy poliklinikaga yuridik xizmat ko‘rsatilmoqda. Ushbu sohada 66 ta xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi idoralar tomonidan hisobot davrida 15 ming 987 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat organlari faoliyatida 15 ta monitoring o‘tkazildi. Aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish va oldini olish maqsadida 47 ta taqdimnoma kiritildi. 404 nafar mansabdor shaxs va mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi.
[gallery-27291]
Respublikada 17 ta davlat xizmati markazi hamda olis hududlarda joylashgan 8 ta filiali tomonidan aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Davlat xizmatlari markazlari yangidan qurilgan zamonaviy va barcha qulay sharoitga ega bino bilan ta’minlandi. Ular tomonidan jami 1 million 133 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. 11 ming 773 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Shahar va tuman Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari tomonida 63 ming 851 ta dalolatnoma yozuvi qayd etildi. Bundan tashqari, arxivlarda qog‘oz ko‘rinishida saqlanayotgan 3 million 700 mingdan ortiq dalolatnoma yozuvi “FHDYOning yagona elektron arxivi" axborot tizimiga kiritilib, raqamlashtirilishi ta’minlandi.
Tadbirda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi va ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA