Adliya vazirligi tomonidan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida iyun oyida “Inson huquqlari oliy qadriyat” huquqiy aksiyasi oʻtkazildi.
Aksiya mahallabay ishlash tizimi amaliyotini yanada kuchaytirish va ommalashtirish, fuqarolarning qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ommaviy sayyor qabullar oʻtkazish orqali fuqarolarni uzoq vaqtlar davomida qiynab kelayotgan muammolariga yechim topish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga doir chora-tadbirlar koʻrish, ularning jamiyatdagi huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratildi.
– Aksiya doirasida jami 2 minga yaqin ommaviy sayyor qabul tashkil etildi, – dedi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva. – Sayyor qabullarning 1,2 mingga yaqini mahallalarda, 600 dan ortigʻi tashkilot va muassasalar binolarida hamda 200 dan ortigʻi esa boshqa joylarda tashkil etildi. Sayyor qabullarda jami 59 mingga yaqin fuqaro ishtirok etdi.
Aksiya doirasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 13 ming 800 ga yaqin murojaat kelib tushdi.
Mazkur murojaatlardan 5,4 mingga yaqini joyida hal etilgan boʻlsa, 5 mingdan ortiq murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. 3,2 mingdan ortiq murojaat koʻrib chiqish uchun ish yurituviga qabul qilindi.
Ish yurituviga qabul qilingan murojaatlarning 1,5 mingga yaqini qanoatlantirilgan, mingga yaqin murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan va 200 ga yaqin murojaat tegishliligiga koʻra vakolatli tashkilotlarga yuborildi. 700 dan ortiq murojaat ish jarayonida.
Aksiya doirasida adliya organlari tomonidan 1,4 mingga yaqin monitoring tadbirlari tashkil etildi. Adliya organlari tomonidan fuqarolarning huquqlarini taʼminlash yuzasidan 2,5 mingga yaqin huquqiy taʼsir choralari qoʻllanildi.
Xususan, tegishli tashkilotlarga 379 taqdimnoma, sudlarga 21 milliard soʻmga yaqin miqdordagi 635 daʼvo arizasi, tegishli organlarga 178 maʼmuriy taklif hamda 1,2 mingdan ortiq ogohnoma kiritildi.
Koʻrilgan huquqiy taʼsir choralari natijasida 111 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ tegishli shaxslarga undirib berilib, 960 hujjat (qaror)lar bekor qilindi. 148 nafar shaxs maʼmuriy, 69 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Aksiya doirasida oʻtkazilgan ommaviy sayyor qabullar davomida fuqarolarga 10 mingdan ortiq sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.
N.Abduraimova,
OʻzA