Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi: 116 ming nafardan ortiq shaxsning hujjatlar bilan bog‘liq muammolari ijobiy hal etildi (+video)
12:33 / 2024-04-09

Fuqarolarning shaxsiga doir hujjatlarining mavjud emasligi ularning jamiyat bilan to‘laqonli munosabatga kirisha olmasligiga, o‘zining qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklaridan to‘la darajada foydalanish imkoniyatining cheklanishiga sabab bo‘ladi.

Shaxsga doir hujjatlar bilan bog‘liq aholi muammolarini hal etish maqsadida adliya organlari tomonidan joriy yilning 20-martidan-1-apreliga qadar «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» huquqiy aksiyasi o‘tkazildi. 

– Huquqiy aksiya doirasida respublika miqyosida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, – dedi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva. – Nafaqat adliya organlari tomonidan beriladigan hujjatlar, balki boshqa davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar yuzasidan ham amaliy yordam berish orqali 116 mingdan ortiq shaxsning hujjatlar bilan bog‘liq muammolari ijobiy hal etildi. 

Jumladan, 1 ming 639 nafar bugungi kunga qadar tug‘ilishi qayd etilmagan shaxslarga tug‘ilganlik haqida guvohnoma berildi. 

10 ming 314 nafar birga yashab kelayotgan fuqarolarning qonuniy nikohi qayd etildi, 4 ming 83 nafar shaxsga nisbatan sudning qayd etilmagan nikohdan ajratish haqidagi qarorlari ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

3 ming 246 nafar bugungi kunga qadar o‘limi ro‘yxatga olinmagan shaxslarning o‘limi qayd etilib, yaqin qarindoshlariga guvohnomalari taqdim etildi. 11 ming 357 nafar fuqaroga ID-kartalar berildi. 

29 ming 118 nafar fuqaroning tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 15 ming 312 nafar fuqaroning tadbirkorlik subyektlari qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 24 ming 480 nafar fuqaroning ko‘chmas mulk obyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

15 ming 817 nafar fuqaroga yo‘qotilgan hujjatlari o‘rniga takroriy guvohnomalar berildi. 1 ming 49 nafar fuqaroning tug‘ilish va o‘limi haqidagi yuridik faktlarni tasdiqlash yuzasidan sudlarga arizalar kiritildi. 

Misollar bilan aytganda, hujjati yo‘qligi sababli 10-13 yoshida ham umumta’lim maktabiga chiqa olmayotgan bolalar aksiya natijasida bu yil 1-sinfga qabul qilindi. 20, 30, 40 va hattoki 90 yoshga kirganda ham tug‘ilishi qayd qilinmagan va fuqarolik pasporti yoki ID-karta olmagan shaxslar endilikda tegishli hujjatlarga ega bo‘ldi. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q. 

Shu bois, aksiya tugagan bo‘lsa ham adliya organlari bu boradagi ishlarni davom ettiradi. Aholi orasida tegishli hujjatga ega bo‘lmagan shaxslar mavjud bo‘lsa, bevosita tuman (shahar) adliya bo‘limlari yoki Adliya vazirligining «1008» va «1148» qisqa raqamli ishonch telefonlari orqali murojaat qilishi mumkin. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XduP3eYLUw8" title="Dorixonalarda retseptsiz dori sotish amaliyotiga chek qoʻyiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Abduraimova, O‘zA