Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adliya vazirligi: 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi
09:39 / 2024-01-09

Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi talablar, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish tizimini tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish orqali ishlab chiqilgan.  

Farmon bilan 2024 yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi.  

Jumladan, 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi. Masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.  

6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi. Xususan, eksport nazorati ob’ektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda.  

3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi. Masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.  

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni videoaloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.  

Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi.  

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgan edi).  

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, farmonning qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejaladi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA