Adliya vaziri: Turkiyaning yangi Konstitutsiyaga ehtiyoji bor
Turkiya Adliya vaziri Bekir Bozdag 1980 yilda harbiy to‘ntarishdan ikki yil keyin qabul qilingan amaldagi Konstitutsiya o‘rniga yangi Asosiy qomus tezroq ishlab chiqilishi kerakligini aytdi. Bu haqda “TRT” telekanali xabar qildi.
Axborotda mulozimning quyidagi so‘zlari iqtibos qilib keltirilgan:
“Turkiya zudlik bilan yangi Konstitutsiyaga muhtoj. Buningsiz yangi Turkiya bo‘lishi mumkin emas. Yangi Asosiy qonun bilan mamlakat tarixida yangi sahifa ochamiz”.
Adliya vaziri yangi Konstitutsiya tayyorlash uchun avval bir necha marta urinish bo‘lgani, biroq natija bermaganini ta’kidladi.
Bozdag Turkiyaning eng so‘nggi Asosiy qonuni harbiy to‘ntarishdan keyin qabul qilinganini eslatib, mamlakat “demokratik sharoitda ishlab chiqilgan va turk xalqi manfaatini himoya qiladigan Konstitutsiyaga muhtoj”, dedi.
Prezident Erdog‘an ham yangi Konstitutsiya zarurligi haqida gapirgan edi. Uning fikricha, hujjat Turkiyaning 100 yilligi nishonlanadigan 2023 yilgacha qabul qilinishi kerak.